"Har bir oila – tadbirkor" dasturi doirasida kreditlar kimlarga va qancha beriladi?
Prezidentimiz qarorida belgilanganidek, tijorat banklari oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun eng kam ish haqining 150 baravarigacha miqdordagi imtiyozli kreditni hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar rahbarlari va mahalla fuqarolar yig‘ini tavsiyanomasi asosida ajratadi.
Shuningdek, belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan kichik biznes sub’yektlariga ham uchinchi shaxs kafilligi, sug‘urta polislari, kredit hisobiga sotib olinayotgan mol-mulk garovi, jamg‘armaning kafilligi va qonun hujjatlari doirasidagi boshqa ta’minot turlari bo‘yicha eng kam ish haqining 1000 baravarigacha miqdorda imtiyozli kredit beriladi.
Ushbu mikrokreditlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2018 yil 8 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan "Har bir oila – tadbirkor" dasturi doirasida kreditlar ajratish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga ko‘ra, 6 oygacha imtiyozli davr bilan 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga yillik 7 foiz stavkada ajratiladi.
Qarz oluvchi jismoniy shaxslar kredit olish uchun bankka ariza, pasport nusxasi, jismoniy shaxslarga kredit qaytarilishining ta’minoti sifatida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektor rahbari va mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun beriladigan imtiyozli kreditlar bo‘yicha tavsiyanomani taqdim etadi.
Qarz oluvchining arizasi kelib tushgan kundan boshlab, tijorat banki tomonidan uch ish kunidan oshmagan muddatda ushbu ariza bo‘yicha asoslantirilgan qaror qabul qilinadi.
Kreditlar qarz oluvchiga alohida kredit hisob varag‘i ochish va uning to‘lov topshiriqnomasiga muvofiq, ushbu hisob varaqdan naqd pulsiz shaklda pul o‘tkazish yo‘li bilan beriladi. Jismoniy shaxslarga imtiyozli mikrokredit ajratilayotgan loyihaning o‘ziga xos jihatlari, kredit hisobiga olinadigan tovarni pul o‘tkazish yo‘li bilan sotib olish imkoniyati bo‘lmagan holda hududiy ishchi guruhlarning bu haqdagi xulosasiga asosan mikrokreditning bir qismi naqd pulda berilishi mumkin.
F.HASANOV.