Har bir tuman, shaharda ekobozor quriladi
Samarqand viloyatida 59 ta bozor va savdo komplekslari faoliyat yuritadi va ularning 41 tasini dehqon bozorlari tashkil etadi. Bozorlarning 2019 yilgi sof foydasi 3 216 928 ming so‘mni tashkil etdi. Joriy yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, uyushma tizimidagi bozor va savdo komplekslarining debitor qarzdorligi 7083504,7 ming so‘mni, kreditor qarzdorlik 11507599,8 ming so‘mni tashkil etdi.
Bu haqda Matbuot uyida viloyat bozorlar va savdo komplekslari uyushmasi raisi Tohir Mamadaliyev ishtirokida o‘tkazilgan bozorlardagi bugungi holat, sanitariya-veterinariya xizmatining ahvoli, yaratilgan oziq-ovqat zaxirasiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.
Kompleksda joriy yil yanvar-sentyabr oylarida bajarilgan tushum 28034970 ming so‘mni, shundan soliq to‘lovlari summasi 5793178 ming so‘mni tashkil etgan.
- Samarqand shahri kuni munosabati bilan tashkil etilgan yarmarkada shahar aholisi uchun 28 ming tonnadan ortiq qishloq xo‘jalik mahsulotlari sotildi, - deydi T.Mamadaliyev. – Karantin cheklovlari davrida aholiga qulaylik yaratish uchun Samarqand shahrining 31 ta hududida ko‘chma savdo yarmarkalari tashkil etildi. 2020-2021 yil kuz-qish mavsumida narx-navo barqarorligini ta’minlash va bozorlarda mahsulotlar zaxirasini yaratish uchun kompleksga 5057 tonna asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini jamg‘arishimiz lozim. Hozirgacha qariyb 2 ming tonna mahsulot zaxiraga jamg‘arildi. Buning uchun bozorlar qoshida 38 ta savdo tayyorlov korxonalari tashkil etildi.
Viloyatda yetishtirilmaydigan 770 tonnadan ortiq guruch mahsuloti uchun Xorazm viloyatidagi dehqonlar bilan shartnomalar tuzilgan. Sabzining ma’lum qismini Qashqadaryo viloyati Koson tumanidan keltirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. Mahsulotlar zaxirasi uchun 9 milliard 894 million so‘m bank kreditining 5 foizi maxsus jamg‘arma hisobidan va qolgan 16 foizi bozorlar tomonidan so‘ndiriladi. Bu ham albatta mahsulotning tannarxi o‘zgarishiga ta’sir ko‘rsatadi.
Anjumanda qayd etilishicha, endilikda shaharlar va tuman markazlarida ekobozorlar tashkil etiladi va bu bozorlarda faqat qishloq xo‘jalik mahsulotlari sotiladi.