Har bir viloyatda turistlar uchun jozibador bo‘lgan kamida bittadan yirik loyiha amalga oshadi
PRezident turizm vaziri, uning yangi tayinlangan o‘rinbosarlari, viloyat hokimlari va turizm bo‘yicha muovinlari oldidagi eng ustuvor vazifalardan biri - turizm sohasida pandemiyagacha bo‘lgan ko‘rsatkichlarni tiklash ekanini ta’kidladi.
Turizm va unga turdosh sohalarda kamida 200 mingta yangi ish o‘rinlari yaratish vazifasi qo‘yildi.
Buning uchun yil yakuniga qadar har bir viloyatda turistlar uchun jozibador bo‘lgan kamida 20 million dollarlik 1 tadan yirik loyihani boshlash zarur.
Misol uchun, Namanganda ishga tushirilgan “Afsonalar vodiysi”, Bo‘stonliqda “Amirsoy majmuasi”da ham bolalar uchun, ham kattalar uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, kuniga minglab xorijiy va mahalliy turistlar kelmoqda.
"Bunday yirik loyihalarni qo‘shni davlatlar uchun qulay bo‘lgan Andijon, Toshkent viloyati, Qashqadaryo va Xorazmda barpo etish uchun barcha imkoniyatlar yetarli", dedi Prezident.