“Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur”

Samarqand shahrida “Munshoot” nashriyoti qoshidagi “Kitob kafe” majmuasi tashabbusi bilan Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligiga bag‘ishlangan nazm va navo kechasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda filologiya fanlari doktori, professor Jo‘liboy Eltazarov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, shoir va yozuvchi Farmon Toshev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Xosiyat Bobomurodova, taniqli ijodkor Karimberdi To‘ramurodov va boshqalar so‘zga chiqib, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi 5 asrdan ziyod vaqt o‘tibdiki, hamon o‘rganib kelinishi, bu o‘rganishlarning bugungi kundagi ahamiyati, yoshlar tarbiyasidagi o‘rni haqida fikr yuritdilar.

- Bugun yoshlar tarbiyasida Bobur asarlarining o‘rni muhimligini ko‘p aytamiz, - deydi filologiya fanlari doktori Isroil Sulaymonov. - Ammo bu asarlarga ularni qiziqtirish oson emas. Bobur asarlarining targ‘ibotini amalga oshirishimiz kerak. Uning kichik she’rlaridan tortib, “Boburnoma” asarigacha ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ib qilinishi lozim.

Tadbirda Bobur g‘azallari va ularga bog‘langan muxammaslar o‘qildi. “Samarqand sadolari” maqom ansambli, viloyatimizdagi taniqli san’atkorlar va yosh xonandalar tomonidan Bobur g‘azallari bilan ijro etilgan ashulalar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.