Har yili dunyo iqtisodiyoti korrupsiyadan 2,6 trln. dollar miqdorida zarar ko‘rmoqda
Korrupsiya, bu – mansab mavqeidan shaxsiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat turi hisoblanib, u jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir.
Mazkur illat mamlakatdagi demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazib, inson huquqlari buzilishiga olib keladi. Shu bilan birga, jamiyatdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatib, insoniyat xavfsizligiga tahdid solish orqali mamlakatdagi barqarorlikka putur yetkazadi.
Korrupsiya kecha yoki bugun paydo bo‘lgan emas, uning tarixi uzoq yillarga borib taqaladi. Tarixiy manbalarda “korrupsiya” dastlab Qadimgi Xitoyda paydo bo‘lganligi qayd etib o‘tiladi. Dunyoda korrupsiyaga qarshi kurashgan birinchi davlat sifatida qadimgi Shumer davlati tan olinadi. Qadimgi yunon tarixchisi Gerodotning yozishicha, eramizdan avvalgi VI asrda hukmdorlik qilgan Eron shohi Kambiz saltanat qozisi Sizamni pora olgani uchun terisini shilib olishni va u o‘tirgan qozilik kursisini o‘sha teri bilan qoplashni buyurgan. Bu esa qozilik lavozimi nihoyatda mas’uliyatli ekanligi, poraxo‘rlikning oqibati qanday yakun topishini hamisha yodda tutishi uchun Sizamning o‘g‘li Otanni qozilik lavozimiga tayinlangan.
Korrupsiyaning eng keng tarqalgan turlariga poraxo‘rlik, firibgarlik va tovlamachilik kiradi. Bunday jinoyatlarning sodir etilishi iqtisodiyotni tanazzulga yetaklab, uni zaiflashtirib, boshqaruvni izdan chiqaradi. Fuqarolarni davlat boshqaruviga nisbatan ishonchini poymol qilib, ilm-fan, mehnat orqali halol yo‘l bilan maqsadga erishishga to‘sqinlik qiladi. Bugungi kunda bu illatga qarshi yer yuzidagi barcha davlatlar o‘z hududidagi holat va sharoitdan kelib chiqib turli usullarda kurash olib boradilar.
2003 yil 9 dekabrda Meksikaning Merida shahrida dunyo miqyosida yuqori darajadagi siyosiy konferensiya o‘tkazilgan edi. Mazkur konferensiyada dunyoning 100 dan ortiq davlat vakillari tomonidan BMTning “Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi” imzolandi. Hozirgi kunda mazkur sana BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” sifatida e’lon qilingan. Ushbu konvensiyaga dunyoning 173 ta davlati a’zo bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi ushbu konvensiyaga 2008 yil 7 iyulda ko‘shilgan. Bugungi kunda korrupsiyani hech ikkilanmay “taraqqiyot kushandasi” deb atash mumkin. BMT oldida turgan eng global muammolardan biri sanalgan korrupsiyaga qarshi kurashning huquqiy me’yorlari ishlab chiqilgan. Korrupsiyaga qarshi kurash mexanizmini takomillashtirish, uning huquqiy asoslarini yaratish dunyo miqyosida xalqaro tashkilotlarning diqqat markazida bo‘lib turibdi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda korrupsiya va poraxo‘rlik natijasida yiliga 1 trillion dollardan ortiq mablag‘ o‘zlashtirilishi aniqlangan. Ushbu zarar hisoblanganda, o‘zga mulk, pulni o‘zlashtirish va bunga tegishli boshqa jinoiy harakatlar inobatga olinmagani korrupsiya muammolari bilan shug‘ullanuvchi «Transparency International» tashkilotining ma’lumotlarida qayd etilgan. Mazkur yo‘nalishdagi islohotlarni amalga oshirish davomida milliy qonunlarga xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalarini singdirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Bu esa 2008 yilda qabul qilingan “BMTning korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida”gi Qonunda o‘z aksini topgan. 2008 yil 7 iyunda “Korrupsiyaga qarshi konvensiyaga qo‘shilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan. 2010 yilda O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘ining Istambul harakat dasturiga qo‘shildi.
Dunyodagi eng rivojlangan mamlakatlarda ham korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etilishi kuzatilgan. Xitoyda korrupsiya jinoyatlari pora va davlat mulkini o‘zlashtirganlik uchun dunyodagi eng og‘ir jazo tayinlanadigan mamlakat sifatida bu turdagi jinoyatlar uchun o‘lim jazosi belgilangan bo‘lib, pora olgan amaldorning qo‘li chopib tashlanishi ham mumkin. Yaponiyada esa mazkur illat bilan shug‘ullangan mansabdor shaxslar va siyosiy rahbarlar jamoatchilik tomonidan qattiq tanqid ostiga olinadi. Yaponiyada korrupsiyaga qarshi kurashish bilan birga, noto‘g‘ri (tuhmatdan) xabar berish ham, pora oluvchilarga nisbatan belgilangan jazoga – uch yil muddatga katorga jazosi yoki jarima jazosiga tortilishi mumkin. AQSh jinoyat qonuniga binoan, ommaviy tashkilotlarning xizmatchilari – mansabdor shaxslar ham, boshqa xodimlar ham pora olganlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkin. Mamlakatda poraxo‘rlarga qattiq jazo tayinlanadi. Xususan, aybdor olgan porasining uch baravari miqdorida jarimaga tortilishi yoki 15 yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Mazkur holatni Buyuk Britaniya misolida ko‘radigan bo‘lsak, qirollikda jinoyat qonunlarida korrupsiya jinoyatini sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxs 3 yildan 7 yilgacha qamoq jazosiga hukm etilib, “xizmat evaziga” olingan pul miqdori, olgan sovg‘asi, puli miqdorida jarimaga tortilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Germaniyaniyada esa poraxo‘r amaldor uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi, tamagirlik qilgan sudyalar esa 10 yil qamoqda o‘tirishi mumkin.
O‘rganishlarga ko‘ra, MDH mamlakatlarida ham korrupsiya darajasi juda yuqoriligi qayd etiladi. Bugungi kunda Rossiya mamlakatini xalqaro hamjamiyat dunyodagi korrupsiya “eng taraqqiy etgan” 50 ta davlatdan biri sifatida e’tirof etgan. Bu mamlakatda korrupsion holat bo‘yicha shug‘ullangan shaxslar olgan porasining 80 dan 100 baravarigacha jarimaga yoki 8-15 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Tailandda esa 2015 yilda qabul qilingan “Korrupsiya haqida”gi qonunga ko‘ra, katta miqdorda pora olgani isbotlangan aybdor xoh mamlakat fuqarosi bo‘lsin, xoh xorij fuqarosi, o‘lim jazosiga hukm etilishi belgilangan.
Mazkur holatni Singapur davlati misolida ko‘radigan bo‘lsak, mustaqillikka erishgan davrga qadar Singapur zamonaviy korrupsiyalashgan mamlakat sifatida faoliyat ko‘rsatgan edi. 1965 yilning 9 avgustida mustaqillikni qo‘lga kiritgach, tabiiy boyliklardan mahrum Singapur 1959 yildan 1990 yilgacha ko‘plab ichki muammolarini yechishga, uchinchi dunyo mamlakatidan, aholisi farovon, sanoati yuksak rivojlangan davlatlar safiga qo‘shilishga muvaffaq bo‘ldi. Hozirgi paytda kuchli avtoritar boshqaruvli davlat Singapur korrupsiya ko‘lami kamligi, iqtisodiy erkinlik va taraqqiyot darajasi bo‘yicha jahon reytinggida yetakchi o‘rinda bormoqda. Atigi 4 million aholi istiqomat qilayotgan Singapur tajribasi siyosiy iroda, samarali antikorrupsion qonunchilik va pulga sotilmas mustaqil agentlik evaziga atigi bir necha yilda korrupsiyani juda past darajaga tushirish mumkinligini namoyish etdi.
BMTning ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo iqtisodiyoti korrupsiyadan 2,6 trln. dollar miqdorida zarar ko‘rayotganligi, bu esa jahon yalpi mahsulotining taxminan 5 foizini tashkil etishi aniqlangan. Ayniqsa, mazkur holat, tahliliy o‘rganilganda dunyo miqyosida poraning hajmi 1 trln. dollarni tashkil etayotgani, bu ko‘rsatkich esa ehtiyojmand xalqlarga berilayotgan gumanitar yordamdan 10 baravar ortiq ekanligi, afsuski, tashvishlidir.
Xorijiy mamlakatlar tajribasining ko‘rsatishicha, korrupsiyaga qarshi kurashni faqatgina davlat hokimiyati organlari, jumladan, faqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar zimmasiga yuklab qo‘yish korrupsiya ko‘lamining qisqarishiga emas, aksincha, kengayishiga olib kelgan. Chunki ushbu idoralarning korrupsiyani bartaraf etish bilan bog‘liq faoliyatida muayyan muddatda ijobiy natijalarning sezilmasligi aholi orasida huquqiy nigilizmni keltirib chiqarish ehtimoli yuqori. Chunki bunday holat jamoatchilikni davlat organlari korrupsiyaga qarshi kurashib, uni yengolmayotgan ekan, demak, buni bartaraf qilib bo‘lmaydi, degan xulosaga olib keladi. Korrupsiyaga qarshi kurash befoyda, degan kayfiyatning hukm surishi esa aholining muayyan qismida korrupsiyaga qarshi kurashish emas, unga moslashish kerak, degan xulosani keltirib chiqarishi mumkin. Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning rahbarligida korrupsiyaga qarshi samarali kurashni tashkil etish, davlat xizmatchilarida halollik vaksinasini oshirish, bu illatga qarshi jamiyatimizdagi barcha sohalarda chek qo‘yish borasida aniq maqsadga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli va tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda mazkur sohani tizimli isloh qilish va samarador usullarni joriy etish orqali davlat xizmati tizimi, uning maqsadlari va vazifalari tubdan takomillashtirildi. Davlat organlari xodimlarining ijtimoiy himoya qilinishi, moddiy ta’minoti va rag‘batlantirilishini kuchaytirishga qaratilgan choralar ko‘rildi. Ayniqsa, respublikamizda korrupsiya illatlarni oldini olish maqsadida davlat xizmatchilarining ish haqi o‘rtacha qariyb 60 foizga, ayrim sohalarda esa bir necha barobarga oshirildi.
Ma’muriy va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, ro‘yxatga olish, ruxsat etish va litsenziyaga doir tartib-taomillarni soddalashtirish hamda ularning tezkorligini oshirish maqsadida hududlarda davlat xizmatlari markazlari orqali aholiga xizmat turlari bo‘yicha shaffof, qulay va tezkor davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Jamiyatdagi muammolarga yechim topishda jamoatchilik nazoratiga tayanish lozimligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, korrupsiyaga qarshi kurash olib boruvchi sub’yektlar tizimida jamoatchilik nazorati sub’yektlari muhim o‘rin tutadi.
Shu o‘rinda, jinoyat, shu jumladan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkini himoya qilishning huquqiy asoslarini yaratish maqsadida 2019 yilda “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganligini ham ta’kidlash maqsadga muvofiq.
Shu bilan bir qatorda mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining roli, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha bir qator tizimli ishlar amalga oshirildi. Milliy iqtisodiyotni isloh qilish borasida tashqi savdo, soliq va moliya siyosatini liberallashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni tashkil etish hamda hududlarni jadal rivojlantirishni ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rildi.
Shuningdek, fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi. Aholini yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai, malakali tibbiy va ta’lim xizmatlari, munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganligini ta’kidlash joiz.
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Korrupsiyaga qarshi kurashish har bir sof vijdonli insonning, demokratik jamiyat va davlatning muqaddas burchidir”. Zero, korrupsiya illatlaridan doimo ogoh bo‘lish, mazkur harakatlarni o‘z vaqtida anglash va ularni bartaraf etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir.
Shokir G‘afforov,
SamDU professori.
Mansur Musayev,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti bo‘limi boshlig‘i.