Harakatsizlik - yo‘q joydan muammolar, degani

Keyingi yillarda ota-onalar bolalarining ta’lim olishi uchun alohida e’tibor qaratyapti. Maktab, undan keyin repetitorlik. Ba’zi oilalar kun davomida bolalarini til o‘rganish, dars tayyorlatish bilan mashg‘ul qilib qo‘ygan. Bu juda yaxshi, albatta. Qolaversa, bolalar bo‘sh vaqt bo‘ldi, deguncha telefon va boshqa gadjetlar bilan andarmon bo‘lishadi. Bolaning sog‘ligi uchun  muhim ahamiyatga ega bo‘lgan oddiy qoidalarni unutib qo‘yayapmiz.  Shuni unutmaslik kerakki, sport va jismoniy faollik bolaning kamolotida, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.

Yaqinda bir tanishimiz farzandining umurtqa pog‘onasi qiyshayishidan nolib qoldi. Muammosiga yechim izlagan ona o‘smir yoshdagi bolalarda bunday holatlar juda ko‘payganini aytdi. Rostdan ham bugun ayniqsa, shahar hududlarida umuman jismoniy harakatlarga hushi yo‘q avlod voyaga yetmoqda. Bu juda tashvishlanarli. O‘sha ona bolasidagi bu nuqsonni to‘g‘rilatish uchun juda katta mablag‘, vaqt sarfladi. Qolaversa, umurtqa pog‘onasi to‘g‘rilanishi uchun oylab, ba’zida yillab muddat lozim bo‘ladi.

Harakat bola tanasining to‘g‘ri o‘sishi va rivojlanishi uchun juda muhimdir. Muntazam jismoniy mashqlar yurak-qon tomir tizimini mustahkamlaydi va nafas olish tizimi, mushaklar va suyaklarning rivojlanishiga yordam beradi. Faol turmush tarzini olib boradigan bolalarda semizlik va shunga o‘xshash kasalliklar, masalan, diabet, gipertenziya va boshqalar  kasalliklar rivojlanish xavfi kamroq.

Bundan tashqari, sport to‘g‘ri o‘sishni va rivojlanishni, moslashuvchanlikni rivojlantirishga yordam beradi. O‘sish davrida tekis oyoqlar va boshqa mushak-skelet tizimining muammolarining oldini olish ayniqsa, muhimdir.

Bugungi kunda bolalar ko‘pincha maktabdagi stress, tengdoshlari bilan ziddiyat, tashvishlarga duch kelishadi. Jismoniy faollik kayfiyatni yaxshilaydigan va stressni kamaytiradigan endorfinlar - baxt gormonlarini ishlab chiqarishga yordam beradi. Sport bolalarni muvaffaqiyatsizliklarni yengishga o‘rgatadi, qat’iyat, o‘ziga ishonch va hayotga ijobiy munosabatni rivojlantiradi.

Sport - bu kommunikatsiya va jamoaviy ish maktabi. Futbol, basketbol, voleybol kabi jamoaviy sport turlari bolalarni o‘zaro hamkorlik qilishga, va birgalikda qarorlar qabul qilishga o‘rgatadi. Sport mas’uliyat va o‘zaro hurmat tuyg‘usini tarbiyalaydi, bu esa bolaning jamiyatga yanada moslashishiga yordam beradi.

Muntazam mashg‘ulotlar boladan vaqtni rejalashtirish, o‘zini o‘zi tarbiyalash va maqsadga intilishni talab qiladi. Bu fazilatlar nafaqat sportda, balki o‘qishda ham, kelgusi kasbiy rivojlanishda ham qo‘l keladi. Sport zararli qaramlik ehtimolini kamaytiradigan va shaxsning uyg‘un rivojlanishiga yordam beradigan foydali odatlarni shakllantiradi.

Ota-onalar va o‘qituvchilar sportga bo‘lgan qiziqishni shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Bolalarga faol turmush tarzi uchun sharoit yaratish: birga sayr qilish, sport mashg‘ulotlariga qatnashish, turli tadbirlarni rag‘batlantirish muhimdir. Eng muhimi, bosim va natijalar uchun poyga emas, balki harakat va rivojlanish bolaga bir olam quvonch beradi.

Demak, bolalar uchun sport shunchaki jismoniy mashqlar emas. Bu har tomonlama rivojlantirish, salomatlikni mustahkamlash va hayotiy qadriyatlarni shakllantirishning muhim vositasidir. Biz bolamizni sportga qiziqishini qo‘llab-quvvatlab, unga sog‘lom, ishonchli va baxtli inson bo‘lish imkoniyatini yaratamiz.

Dilbar ISLAMOVA,

Samarqand davlat meditsina universiteti o‘qituvchisi.