Harbiy xizmatchilar va oila a’zolari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi

Samarqand harbiy prokuraturasi Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’yektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi bilan hamkorlikda viloyatning chekka qishloqlarida yashovchi aholi salomatligini mustahkamlash, ularga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.

 Jumladan, Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarining 10 ga yaqin oliy toifali mutaxassislari Qo‘shrabot tumanida joylashgan harbiy qismga tashrif buyurib, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari hamda tuman aholisi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etdi.

 Shuningdek, ko‘rikka viloyatda joylashgan bolalar va kattalar uchun mo‘ljallangan tibbiyot muassasalaridan kardiolog, pediatr, terapevt, ginekolog, oftalmolog, lor, nevrolog, endokrinolog, ftiziatr, xirurg, travmatolog, onkolog, infeksionist, stomatolog va teri-tanosil kasalliklari shifokorlari jalb etilib, ularning ko‘rigi, shuningdek, UTT, EKG va rentgenologik tekshiruvlar o‘tkazildi.

 Kun davomida 240 nafar kattalar va bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 47 nafarida turli kasalliklar aniqlandi. 30 nafariga ambulator tartibda, 17 nafariga statsionar tartibda davolanishga yo‘llanmalar berildi.

 Ko‘rikda “Temir daftar”ga kiritilgan, boquvchisini yo‘qotgan hamda ehtiyojmand oilalarga alohida e’tibor qaratilib, kasalliklar tashxisidan kelib chiqib,  ularga bepul dori-darmonlar tarqatildi. Nogironligi bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirilishi va ko‘z kasalligi bo‘yicha tibbiyot muassasasida bepul davolanish uchun order olinishiga amaliy yordam ko‘rsatildi.

 Shu kuni Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Tolliboy ota Uzoqov xonadonida ham bo‘lib, uning holidan xabar olindi, sog‘lig‘i tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, unga va oila a’zolariga dori-darmonlar tarqatildi.