Harbiylar, talabalar va mahalla yoshlari yugurishda bellashdi

Samarqand shahrida erta tongdan “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir!” shiori ostida yugurish marafoni bo‘lib o‘tdi.
Marafon O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni oldidan tashkil etildi.
4 ming nafardan ortiq harbiy xizmatchilar, oliy o‘quv yurti talabalari, mahalla faollari va yoshlari dastlab ertalabki badantarbiya mashqini bajarishdi, so‘ngra Spitamenshoh ko‘chasining Markaziy harbiy okrug ma’muriy binosi oldidan viloyat IIB yo‘l harakat xavfsizligi boshqarmasi binosigacha bo‘lgan 3 ming metr masofaga yugurish boshlandi.
Musobaqaning 35 yoshdan oshganlar o‘rtasidagi bahsida 3 kilometr 100 metr masofani marraga birinchi bo‘lib harbiy xizmatchi Ilhom Nazarov yetib keldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni ham harbiy xizmatchilar Anvar Jabborov va Doston Ahmedov egalladi.
17 yoshgacha bo‘lgan marafonchilar orasida marrani Samarqand shahridagi 68-maktab o‘quvchisi Elzon Mirzayev bosib o‘tgan bo‘lsa, 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lganlar orasida mahalla yoshlaridan bo‘lgan Abror Mo‘minov marafonchilarni ortda qoldirdi.
Shuningdek, eng yoshi ulug‘ marafonchi sifatida nafaqadagi harbiy xizmatchi Albert Sa’dullayev e’tirof etildi. Bundan tashqari, viloyat kasaba uyushmasi tomonidan eng faol qatnashchilar ham rag‘batlantirildi.
Tadbir harbiy texnikalar va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi bilan davom etdi.
Husan Eltoyev.