Harbiylar tashabbusi bilan ozodlikdan mahrum etilganlarga konsert dasturi namoyish etildi

Markaziy harbiy okrugga qarashli Samarqand shahridagi safarbarlik chaqiruvi batalon rahbariyati tashabbusi bilan ozodlikdan mahrum etilganlarga konsert dasturi namoyish etildi.

Past Darg‘om tumanidagi 37-sonli manzil koloniyasida o‘tkazilgan tadbirda harbiy xizmatchilar tomonidan mahkuma ayollarga gullar sovg‘a qilindi.

– Biz bunday bayramona konsert dasturini kutmagandik, – deydi mahkuma Feruza Ismatova. – Harbiylarga rahmat. Ko‘nglimiz tog‘day ko‘tarildi. Oz bo‘lsa-da, g‘am-tashvishlarimizni unutdik.

Samarqand garnizoni ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestri tomonidan yangragan kuy-qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat ulashdi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan mahkumalarga kitoblar topshirildi.

– “Vatanparvarlik oyligi” doirasidagi bunday tadbirlar mehribonlik uylaridan tortib, jazoni ijro etish muassasalarigacha o‘tkazilmoqda, – deydi kapitan Vohid Hamidov. – Bundan ko‘zlangan maqsad vatanparvarlik tuyg‘usini har bir qalbda shakllantirishdan iborat.

Tadbirda ishtirok etgan 200 ga yaqin mahkumalar nomidan 37-sonli manzil koloniyasi rahbariyati harbiy xizmatchilarga minnatdorchilik bildirdi.