«Hasadchi do‘st – eng xavfli g‘anim»

Yaqinda “Akademnashr” nashriyotida Alisher Aymatli (Esirgap Boliyev)ning “1001 xazina” kitobi chop etildi.

Kitob muallifi Qo‘shrabot tumanining Aymat qishlog‘ida tavallud topgan. Ayni paytda AQShda, Nyu-York shahrida yashab, ijod qilmoqda.

Uning she’rlarini ilk bor Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida

paxta terimiga hasharga chiqqan paytimizda eshitgan edim. O‘shandan buyon oradan qariyb 45 yil o‘tdi. Jizzax davlat pedagogika institutida, o‘zbek tili va adabiyoti fakultetida o‘qiganimiz, keyinchalik bir jabhada - jurnalistika sohasida xizmat qilganimiz tufayli Alisher bilan doimiy muloqotda bo‘lib turardik.

Ma’lum muddat viloyat “Zarafshon” gazetasi tahririyatida birgalikda ishladik. Respublikada yangi

nashr - “Xalq so‘zi” gazetasi tashkil qilinishi munosabati bilan Alisher Aymatli shu gazetaga ishga o‘tdi.

Ko‘p yillar u respublikaning bosh gazetasi tahririyatida samarali mehnat qildi. Salmoqli va dolzarb

mavzudagi publitsistik chiqishlari, hozirjavob va tahliliy maqolalari bilan gazetxonlar hurmatini qozondi. O‘ziga xos she’rlari, to‘rtliklari tufayli poytaxt adabiy muhitida e’tirofga sazovor bo‘ldi. Birin-ketin “Yurak mezonlari”, “Arslon uyasi”, “60”, “Ko‘ngil hikmatlari” kitoblari nashr qilindi.

“1001 xazina” to‘plami Alisher Aymatlining yangi kitobi. Unga keyingi yillarda bitgan to‘rtliklari kiritilgan. Kitobdagi to‘rtliklarning aksariyati vatan, yurt, komil inson, ota-ona mehri, vaqt qadri, do‘stlikka sadoqat, muhabbatga vafo, hasad yoki xiyonat mavzularida. Aslida bular yangi mavzular emas. Ammo ifodada, tasvirda, tashbehda o‘ziga xoslik bor. Buni haqli ravishda muallifning ijodiy yutug‘i, muvaffaqiyati deya baholash mumkin.

Hayot turfaliklar bilan limmo-lim. Haqiqat falsafalari turmush

chorrahalarida yuzaga keladi. Shu ma’noda kitobdagi har bir to‘rtlikda Alisher Aymatlining uzoq yillar davomidagi kuzatishlari, qalb kechinmalarining tahlili mujassam.

Muallifning falsafiy mushohadalari tasvirdagi shoirona mahorat bilan uyg‘unlashib, kitobxon diqqatini tortadigan go‘zal ash’orlar yuzaga kelishini ta’minlagan. Siz duch kelgan yoki hali uchratmagan haqiqatlar Alisher Aymatli tomonidan marjondek ipga tizilgan.

Alloh senga hayot bergan ekan

buning o‘zi katta inoyat, deydi shoir “Tanlov” she’rida. Lekin baxtli bo‘lish tanlovi o‘zingga, sening harakatingga bog‘liq, deb xulosa chiqaradi.

Shirin havas, ezgu niyatlar qilishning o‘zi kifoya qilmaydi, bu yo‘lda ishtiyoq bilan intilish, o‘qish-o‘rganish, mehnat qilish, mashaqqatlarni dadil yengib o‘tish lozim bo‘ladi.

Hayot tekis emas, yiqilarsan bot,

Oyoqqa qalqirsan, yurishsa doving.

Tiriklik – Allohim bergan inoyat,

Baxtli bo‘lish esa...sening tanloving.

Kitobdagi “O‘zib ket” to‘rtligida lirik qahramon farzandiga

havoyi havasga berilib, kimlargadir taqlid qilmaslikka, birovlar ortidan chopmaslikka, aksincha o‘zi uchun astoydil o‘zi harakat qilishi lozimligini ta’kidlaydi.

Boy bo‘lay demadim, o‘zing bilasan,

O‘zgalar ortidan yugurmadim ham.

Birovlarni quvib nima qilasan?

Avval sen o‘zingdan o‘zib ket, bolam.

To‘rtliklarni hikmatga yo‘yganimiz bejiz emas. Negaki, ba’zi satrlar beixtiyor bizga xalq maqollarini eslatadi. (Kitobning nomlanishida ham bunga ishora bor). Satrlarning bitilishi, so‘zlarning qo‘llanilishi murakkab emas, xalqona. Mutolaaga kirishar ekansiz, gohida oddiy, jo‘n satrlar zamirida inson xilqatidagi mubham haqiqatlar cho‘ng va salobatli tarzda namoyon bo‘lishini his etib, qalbingiz hayajonga tushadi. Bu muallifning xalq ijodiga yaqinligidan, nasl-nasabi ulug‘ baxshi Ergash Jumanbulbul avlodiga tutash ekanligidan bo‘lsa ajab emas.

Havas bor ekan, ba’zida u bilan yonma-yon hasad ham o‘zligini ko‘rsatib turadi. Havasga qarama-qarshi o‘laroq hasad kishining qalbini kemiribgina qolmay uni tubanlikka qarab tortadi. Hamkasb hasadi yoki qo‘ni-qo‘shni g‘ayirligi tufayli zimdan tug‘ilgan tashvishlar, pinhoniy ta’na toshlari oqibatida ayanchli azoblarni boshdan o‘tkazgan odam buni yaxshi biladi. Bordi-yu do‘sting hasadchi bo‘lsa-chi? Shoir hayoti davomidagi xulosalarini umumlashtirib, bu holatni dushmanlik, eng xavfli g‘animlik deb ataydi:

Soch oqarib, qomat bo‘lib xam,

Bu dunyoda shu anglaganim:

Kuchsiz dushman do‘st bo‘lar salkam,

Hasadchi do‘st - eng xavfli g‘anim.

Ota-bobolarimiz azaldan

oriyatni, nomusni yuksak qadrlab, bu tuyg‘ularni e’zozlab kelishgan.

Shaxsning axloqsizlikni, nomusni yo‘qotishini eng mudhish holat sifatida jamiyat qabul qilmagan, unga qarshi turgan. Xalqimiz nomussizdan hazar qilgan, bunga yomon illat, xudbinlik deb qaragan. Shu bois odob-axloq borasidagi tarbiyaning asosiy maqsadi shunga yo‘naltirilgan.

Kitobdagi “Yo‘qotish” she’rida ham yuqoridagi singari da’vatga ro‘baro‘

bo‘lamiz.

Ilmni yo‘qotsang, kitobdan izla,

Pulingni yo‘qotsang, ter to‘kib ishla.

Nomusni yo‘qotma, topa olmassan,

Xoh izla, xoh ishla va xohi yig‘la.

Alisher Aymatlining “1001 xazina” to‘plami uch tilda – o‘zbek (lotin va kirill yozuvlarda), ingliz va rus tillarida chop qilingan. Bu esa hayotiy hikmatlardan yanada ko‘proq kishi bahramand bo‘lish imkoniyatini yaratadi.

Amrillo AHMEDOV,

jurnalist.