“Hatto jasadini olishga ham tergovchilar ruxsat berishmagandi”: Jomboyda o‘tgan Senator va faxriylar uchrashuvida “Paxta ishi” qatag‘oni qurbonlari yodga olindi

“Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik kengashi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi, Sodiqjon Turdiyev Jomboy tumanida bo‘lib, mehnat faxriylari bilan suhbatlashdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar jumladan, o‘tgan asrning 80 yillarida “Paxta ishi” deb atalgan qatag‘onlar, buning natijasida begunoh odamlar jabr ko‘rganligi haqida ham so‘z yuritdi.
– Qatag‘onga uchraganlar orasida Jomboy tumanidagi kolxoz raislari, brigada boshliqlari, hisobchilar, oddiy qishloq odamlari ham bor edi, – deydi S. Turdiyev. – Xususan, bu qiynoqlar o‘sha paytda viloyatdagi ilg‘or xo‘jaliklardan biri bo‘lgan “Pravda” kolxozi raisi lavozimida ishlab kelgan B.Nodirovni ham chetlab o‘tmadi.
Barot Nodirov boshqa hibsga olinganlar qatori paxtani qo‘shib yozishda va yuqori mansabdor shaxslarga pora berganlikda ayblangan. Tabiiyki, u barcha ayblovlarni rad etgan. Natijada Gdlyan va Ivanovning odamlari uni qattiq qiynoqlarga duchor qilgan. Qo‘yilgan ayblovlarni tan olmaganiga qaramay, sud B. Nodirovni 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilgan. Mustaqillik davrida B.Nodirov to‘liq oqlanib, o‘z ishiga qayta tiklangan. Keyinchalik B.Nodirov davlat rahbari tomonidan orden va medallar bilan taqdirlangan.
Sud hukmi e’lon qilinayotganda yurak xuruji oqibatida sud zalida vafot etgan “Jomboy” sovxozi direktori, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ergash Nurmatovning taqdiri ancha ayanchli yakunlangan.
- Militsiya xodimlari E.Nurmatovning jasadini yaqinlariga olib ketishga ham ruxsat bermadi, yuqoridan tegishli ko‘rsatma talab qilishdi, – deydi mehnat faxriysi A.Mardiyev. - Chunki u paytlarda respublika qonunlari amalda emas, faqat Moskvadan kelgan tergovchilar Gdlyan va Ivanovning ko‘rsatmalari amalda edi.
– Ushbu uchrashuvdan katta taassurot oldim, – deydi tadbir ishtirokchisi Nozanin Tohirova. - Biz bunday qatag‘onlar haqida faqat filmlarda ko‘rardik va kitoblardan o‘qirdik. Bugun biz to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘sha dahshatli voqealar guvohlari bilan uchrashdik va o‘sha paytdagi hayot haqida ko‘proq bilib oldik.
Tadbirda faxriylarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Yormamat RUSTAMOV.
***
Ushbu maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.