Havo sovuqligi uchun ishga kelmagan shifokor
Yangi yil bayrami munosabati bilan berilgan dam olish kunlari bir sabab bo‘lib, Samarqand shahridagi viloyat travmotologiya va shikastlanish oqibatlarini davolash shifoxonasiga borishimizga to‘g‘ri keldi. Ochig‘i, shifokorlar bo‘larmikan, bo‘lsa-da, bemorga qarashga hafsala qilarmikan, degan hadik va xavotir bilan bordik.
Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, bayram kunlari aksariyat muassasalarda odam bo‘lmaydi. Ayniqsa, Yangi yil bayrami bilan bog‘liq sana, dam olish kunlarida boshqa muassasalar, hatto aholi gavjum bo‘ladigan oziq-ovqat do‘konlari ham odam yo‘qligidan huvillab qoladi. Bu kunlari shifoxonalargina gavjum. Shifokorlargina Yangi yil kunlari dam olish kerak degan tushunchaga e’tibor qaratishmaydi.
Travmotologiya shifoxonasida ham shu holatni kuzatdim. Bemorlar ko‘p bo‘lgani uchun navbatchi shifokordan tashqari dam olishi kerak bo‘lgan mutaxassislar ham qo‘li-qo‘liga tegmay goh gips tayyorlayotgan, goh bemorni operatsiyaga hozirlayotgan jarayonni kuzatasiz. Jarohati yengilroq bemorlarga ham tez va aniq tavsiya berilib, shirin muomala bilan jo‘natayotganiga guvoh bo‘ldim. “Shifoxonaga har kuni bemorlarning oqimi shunday ko‘pmi yoki bayramda shunday bo‘ldimi?”, deb so‘rayman shifokordan.
- Boshqa kunlariyam shunday, bundan ham ko‘proq bo‘ladi, - deya javob berdi shifokor bemorning ma’lumotlarini qayd daftariga yozarkan.
Bemorlar ko‘pligidan qo‘shimcha shifokorlar, rentgen mutaxassislari jalb etilganini bildim. Ayni shu kunlari xorijda yashaydigan do‘stlarimning bir fikrini eshitib, o‘zimizning shifokorlar haqida o‘yladim.
To‘g‘ri, bundan oldin ham xorijda istiqomat qiladigan tanish-bilishlar aksariyat holda davolanish uchun o‘z yurtlariga qaytishi haqida ko‘p eshitganman. Bu faqatina u yerdagi tibbiy xizmat narxini cho‘ntagi ko‘tarmasligidagina emas, shifokorlarning e’tibori, munosabatida hamdir.
- Yaqinda qizimni o‘zimiz istiqomat qiladigan shtatdagi shifoxonaga olib bordik, - deya gapirib beradi xorijda yashovchi tanishim. – Taxmin qilingan tashxisni aniqlash uchun bir nechta tekshiruvlardan o‘tishimiz kerak ekan. Buning uchun bir oy vaqtimiz ketdi. MRT tekshiruviga navbatimiz ikki hafta deganda keldi. Shifokor ko‘rigini bir hafta kutdik, navbatimiz kelgan kuni havo juda sovuq bo‘lgani uchun ishga kelmagani aniq bo‘ldi.
Biroz alam bilan aytilgan bu fikrlar o‘sha davlat tibbiyoti haqida umumiy xulosa bermaydi, albatta. Ammo bizning shifokorlar havo sovuqligi uchun ishga kelmasligiga ishonmayman, to‘g‘risi.
Shifokorlarimiz haqida turli fikrlar, munosabatlar bildiriladi, tibbiyotimiz orqada ekanligini aytadiganlar ham topilib qoladi. To‘g‘ri, bu soha faoliyatiga baho berishga haqqim yo‘q, ammo fikr sifatida eng chekka qishloqlarini ham zamonaviy tibbiyot muassasalari, bitta bo‘lsa-da shifokor bilan ta’minlab qo‘ygan mamlakatimizda tibbiyot sohasini oqsoq deb bo‘lmaydi.
Mamlakatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida bu yil tibbiyot sohasiga qaratiladigan e’tibor haqida gapirar ekan, yanayam katta o‘zgarishlar bo‘lishini aytdi. Umuman olganda, har yili soha bosqichma-bosqich o‘zgarishga yuz tutmoqda. Yaxshi bilamiz, biror soha yaxshi kadrlarsiz rivojlanmaydi. E’tiborli jihati, o‘tgan ikki yilda Samarqandda tibbiyot muassasalari orasida hamma biladigan, ammo hech kimning «kuchi yetmaydigan», o‘ziga xos tarzda monopollashgan tizim shakllanib qolgandi. Bu haqda ochiq aytilmasa-da, ammo tibbiyotchilarning yuragini kemirib turgan bu og‘riq faqatgina ma’lum shaxslarga yoqadigan, ularga xizmat qiladigan kadrlar o‘sishi bilan yanada og‘riqli kechardi. O‘tgan yili bunday o‘ziga xos «monopoliya»ga chek qo‘yildi, aksar tibbiyot muassasalariga yosh, izlanuvchan, tajribali mutaxassislar tayinlandi. Yanayam aniqroq aytadigan bo‘lsak, Samarqand tibbiyotiga «yangi qon» qo‘shildi.
Buning natijasida viloyatdagi qator tibbiyot muassasalarida necha o‘n yilliklarda sodir bo‘lmagan yangiliklar bo‘layotganini aytish mumkin. Afsuski, korrupsiya tufayli ko‘p dasturlar qog‘ozda qolib ketayotgani ham sohani orqaga tortadigan illat. Bu masalaga ham bugun mamlakat miqyosida yechim topishga urinilayotgani yaxshi mujdalardan biridir.
Mavzudan biroz chalg‘idim, chog‘i. Aytmoqchi bo‘lganim, boshqa viloyatlar, hatto davlatlar e’tirof etadigan, o‘ziga xos maktab shakllangan Samarqand tibbiyoti uchun mana shu o‘zgarishlar katta qadam deb bilaman. Tibbiyot haqida insonlar ongida shakllanadigan fikr bemor bo‘lgandagina paydo bo‘ladi. Shukrki, bizda havo sovuq bo‘lgani sababli ishga kelmaydigan shifokorlar bo‘lmasa kerak. Shukurki, bizda yarim kechasi bo‘lsa-da, eshigini taqillatib keladigan bemorga «oromimni buzding», deyishga tili bormaydigan shifokorlarimiz ko‘p.
Gulruh Mo‘minova.