Haydarko‘l sohillarida ilk marotaba harbiy xizmatchilar ovchilar bilan hamkorlikda o‘quv-uslubiy yig‘in o‘tkazdi (foto)

Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi O‘zbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi bilan hamkorlikda ekstremal sharoitlarda yashovchanlik bo‘yicha ikki kunlik o‘quv-uslubiy yig‘in tashkil etdi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma’lum qildi.

Jizzax viloyatida joylashgan Haydarko‘l sohillarida o‘tkazilgan yig‘inda 60 nafarga yaqin ovchilar va harbiylar ishtirok etdi.

Dastlab, hududda dala chodirlari tiklandi hamda harbiy qurol-aslahalar va ov uchun mo‘ljallangan qurollar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda har bir qurolning o‘ziga xos jihatlari va uning xususiyatlari o‘rganildi.

Yig‘inning birinchi kuni sohildan yegulik izlash bilan boshlandi. Harbiylar va ovchilar guruhlarga bo‘linib, ovchi itlar yordamida iz olish, uni qidirib topish, qayiqlar yordamida baliq ovlash kabi mashg‘ulotlarga jalb etildi.

– Harbiylar va ovchilar o‘rtasida o‘quv-uslubiy yig‘in ilk marotaba o‘tkazilmoqda, – deydi Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari, polkovnik Po‘lat Sotvoldiyev. – Merganlik, jismoniy chiniqqanlik va ekstremal sharoitlarda yashab ketish kabi jihatlar bu ikki kasbni bir-biriga yaqinlashtiradi. Bu yerda olov yoqish, ovlangan parranda va baliqni ovlash, go‘shtidan har xil turdagi taomlar tayyorlash kabi amallar bajarildi. Tajriba va natijalar gulxan atrofida muhokama qilindi. Shuningdek, yig‘inda qush va hayvonlar ovozini o‘xshatish va ularni o‘ziga jalb qilgan holda ov qilish mahoratlari borasida tajriba almashildi.

Yig‘in yakunida harbiy va ovchilar tomonidan yegulik uchun ovlangan hayvonlar, parrandalar, baliqlar sarhisob qilindi. Unga ko‘ra, mahoratli ovchilar hamda baliqchilar aniqlandi. Eng ilg‘or ovchi va harbiylarga okrug qo‘mondonligi tomonidan faxriy yorliq va diplomlar topshirildi.