Samarqandda muddatli harbiy xizmatchilar uchun test sinovlari o‘tkazilmoqda
Bugun respublika Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga tavsiyanoma berish bo‘yicha test sinovlari boshlandi.
Test sinovlari Adliya vazirligi tomonidan 2020 yil 31 yanvarda 3215-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom” asosida tashkil etiladi.
Test sinovlari tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda har bir harbiy qismning o‘zida o‘tkazilmoqda.
Muddatli harbiy xizmatchilar uchun mo‘ljallangan test savollarining umumiy soni 100 ta bo‘lib, ularning 40 tasi – jangovar tayyorgarlik, 20 tasi – ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, 10 tasi – matematika, 10 tasi – fizika fani bo‘yicha test savollaridan, shuningdek, qolgan 20 tasi mantiqiy test savollaridan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, tavsiyanomaga ega bo‘lgan fuqarolar:
- respublikaning oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra, o‘zlari to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga;
- respublikaning oliy ta’lim muassasalari (oliy harbiy ta’lim muassasalari bundan mustasno) bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun oliy ta’lim muassasalariga qabul parametrlaridan tashqari ajratiladigan alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladilar.
Test sinovlari viloyatimizda fevral oyi yakuniga qadar davom etadi.
Vohid Sirliboyev, Bilim va malakalarni baholash agentligi Samarqand viloyati bo‘limi boshlig‘i.