Haydovchi svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘ida harakatlanganmi? IIV YHXBB izoh berdi

Joriy yilning 26 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Samarqandda YPX xodimining bodikamerasi ishlamayotgan ekan. Haydovchiga qizil chiroqdan o‘tdingiz, deb isbotlab bera olmadi” sarlavhali videolavha tarqaldi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmatining xabar berishicha, 26 fevral kuni soat 10:30 larda Samarqand viloyati, Samarqand shahar, Buyuk Ipak yo‘li va Narpay ko‘chalarida viloyat IIB YHXB YPX inspektori safdor F.Abdusamadov belgilangan taqsimot asosida xizmat olib borgan.

Xizmati davomida “Spark” rusumli transport vositasi haydovchisi K.E. svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘ida harakatlanib kelayotganligi aniqlagan va o‘rnatilgan tartibda to‘xtatgan.

YPX inspektori haydovchiga svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘ida harakatlanib kelgani va shuningdek, xavfsizlik kamarini taqmaganligini tushuntirgan.

Haydovchidan tegishli me’yoriy hujjatlarini so‘ragan vaqtida haydovchi YPX inspektoridan dislokatsiya ko‘chirmasini va xizmat guvohnomasini ko‘rsatishini so‘ragan.

YPX inspektori haydovchi talablarini bajargan va haydovchiga nisbatan o‘rnatilgan tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan.

Avtomashina ichida bo‘lgan yo‘lovchi o‘zining shaxsiy uyali aloqa vositasi orqali holatni videotasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgan.

Hurmatli yo‘l harakati ishtirokchilari asossiz ma’lumotlarni tarqatib, YPX xodimlarini noto‘g‘ri xizmat olib borishda ayblamasligingizni so‘raymiz.