Hayot bog‘in obod etmoq, chidam, bardosh, sabrdandir

Hayot bog‘in obod etmoq, chidam, bardosh, sabrdandir,
Bu bog‘ning boshiga yetmoq, betoqat, besabrdandir.

Degaylar, yuz balolarga, qilur oshno sabrsizlik,
Alarning suv ichar soyi, loyu loyqa — jabrdandir.

Falakni to‘ldirur gulga, sabr — oltin, demish hikmat,
Sabrsizning borar joyi, zaxi sandon — qabrdandir.

Shamoldek shoshqaloqlarda, halovat yo‘q shamol misli,
Shamoldek topmagay orom, na o‘rdandir, na qirdandir.

Beshik — tobut arosinda sinovsiz bir nafas yo‘qdir,
Sinovlardin omon o‘tmoq, sahih sabru kabirdandir.

Sabr goho oyog‘imga kishan bo‘ldi, demishlar bor,
Ayo, ul kishikim, baxtin, somon yanglig‘ sovurgandir.

Habibdir ul, tabibdir ul, jaholat zarbiga qalqon,
Qanoat qilmaganlarni, qozonlarda qovurgandir.

Hamisha sajdalar qilgin, sabr-bardoshga, ey ko‘ngil,
O‘shanda muhtasham iqbol, sanga do‘stu qadrdondir.

Abdusaid KO‘ChIMOV.