Hayot maktabi - maktab o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘qitishning yangi tizimi

Samarqand shahridagi «Ishga marhamat» monomarkazida shu mavzuda «Kasblar forumi» o‘tkazildi.

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbir ishtirokchilari dastlab monomarkazda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Forumda so‘z olganlar 2024-2025-o‘quv yilidan boshlab, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitish tizimini samarali tashkil etish uchun maktab direktorlari va kasbiy ta’lim ustalarini yangilangan o‘quv dasturlar, shuningdek, tadbirkorlarga maktab hududini ijaraga berish va undan foydalanish shartlari, raqamli texnologiyalar sohasida kichik muhandislarni tayyorlash istiqbollari, o‘quv dasturlari taqdimoti, kasb-hunarga o‘qitishning zamonaviy metodlari bo‘yicha o‘quv-trening mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Ma’lumot o‘rnida: 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab 96 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining salohiyati va kadrlar ta’minotidan kelib chiqib o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitish amaliyoti joriy etiladi. 

Bundan tashqari, kasb-hunarga o‘rgatish joriy etilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida oliy ma’lumotli umumta’lim maktabi o‘qituvchisiga tenglashtirilgan 96 ta maktabda 1 shtat birligida ikki nafar kasbiy ta’lim ustalariga teng 0.5 shtat birligidan “Kasbiy ta’lim ustasi” lavozimi joriy etiladi.  

Bu bo‘yicha “Kasbiy ta’lim ustasi” lavozimining shtat birliklari, malaka talablari, lavozim majburiyatlari tasdiqlangan. 

Bugungi forumda ushbu maktablarda belgilangan kasblar bo‘yicha 10-sinflar uchun har bir kasb bo‘yicha ishlab chiqilgan taqvim mavzu rejalari birma-bir tushuntirib berildi.

Tadbirda bir guruh ta’lim sohasi fidoyilariga vazirlikning faxriy yorliq hamda "Xalq ta’limi a’lochisi" ko‘krak nishoni topshirildi.