Hayot qiyinchiliklari qarshisida

O‘tgan yillarda bu maskanning nomi bir necha bor o‘zgardi. Ko‘pchilik “Saxovat uyi”, ko‘proq “Qariyalar uyi” sifatida biladigan tashkilot bugun Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi deyilmoqda. E’tiborlisi, bu gal uning faqat nomigina o‘zgargani yo‘q, biz bilgan, aniqrog‘i, asosan kino va seriallardagi epizodlar orqali tasavvur hosil qilgan maskandagi sharoit ham, muhit ham o‘zgacha.

Samarqand ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazidamiz. Samarqand shahrining serqatnov, shovqinli ko‘chalaridan biri. Tashkilot darvozasini hatlab ichkariga kirsangiz, boshqa olamga tushib qolgandek bo‘lasiz. Tashqaridagi shovqinning o‘rniga sokinlik, odamlar bilan gavjum va issiq ko‘chalar o‘rniga salqin daraxtzoru gulzorlar. 

Siri ko‘chgan paxta gulli piyolani topa olmadik

Tasavvur masalasiga qaytsak. Ko‘pchiligimiz “Saxovat uyi”ni noqobil farzandlar tomonidan tashlab ketiladigan keksa ota-onalar yashaydigan joy makoni deb bilamiz. U haqida gapirilganda, ko‘z oldimizda qorong‘u xonaning eski romli derazasidan olislarga boqib, farzandini intizor kutib o‘tirgan otaxonu onaxonlar keladi. Bunday xonalarda eski sim krovat, rangi uchgan tumbochka va uning ustida qariyalar uyidan olib kelgan yagona qadrli buyum – ishlatilaverib siri ko‘chgan paxta gulli piyola turadi. Yashirib nima qildik, biz ham markazga aynan shuni ko‘rish, u yerdagilarning sharoit, munosabat, umuman, hayotdan shikoyat qilishini eshitishga tayyor bo‘lib borgan edik.

— Markazga 2019-yilda rahbar bo‘lib kelganman, - deydi Surayyo Javadova. – Kelganimda ahvol siz tariflagan holatga yaqin edi. Eski bino, qarovsiz, toshloq hovlidan boshqa narsamiz yo‘q edi. Ijtimoiy sohaga e’tibor ortgach, muammolarimiz birin-ketin hal bo‘la boshladi. 2019-yilda 50 o‘rinli yangi bino qurib berildi. Eskisi ta’mirlandi. Vasiylikka olingan shaxslarni sayohat va tadbirlarga olib borishimiz uchun avtobus ajratildi. Bugungi sharoit hech bir sanatoriydan kam emas.

Binoni, undagi qulayliklarni ko‘zdan kechirdik. Yorug‘ va shinam xonalar, har bir xonada alohida hojatxona va yuvinish joyi bor. Sport zal, oshxona, turli tadbirlarni o‘tkazish uchun faollar zali va yozgi shiypon. U yerda istiqomat qilayotgan fuqarolar ham sharoitlardan mamnun.

— Kelganimga 5 yil bo‘ldi, - deydi bulung‘urlik 72 yoshli Rajab ota. – Hayotda ko‘p adashdim. Jazoni o‘tash muassasasida bo‘lgan vaqtimda oilam uy-joyimizni sotib, xorijga ketib qolishibdi. Shu yerda ikkinchi uyimni topdim. Shifokorlar ko‘magi bilan salomatligimni tikladim. Yashashimiz yaxshi, nolimayman.

Bu yer qariyalar uchun qamoqxona emas

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 31-maydagi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatuvchi Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan yangi nizom tasdiqlandi. Unga ko‘ra, yurtimizda doimiy yashaydigan, birinchi darajadagi qarindoshlari va o‘z nomida ko‘chmas mulk bo‘lmagan o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi I guruh nogironligi bo‘lgan keksalar markazga bepul asosda hamda cheklanmagan muddatga qabul qilinadi. E’tiborlisi, vasiylikka olinganlar ehtiyoji hamda xohishiga ko‘ra markazda qisqa yoki uzoq muddatga qolishi yo undan butunlay chiqishi ham mumkin. Bundan tashqari, ular qarindoshlarinikiga mehmonga borish, mustaqil sayrga chiqish imkoniyatiga ega.

— Nogironligim bor, - deydi Malika opa. – 8-sinfligimda oyim olamdan o‘tdi, dadam va akalarim menga g‘amxo‘rlik qila olishmas edi. Markazga o‘z xohishim bilan kelganman. Uydagilarim ko‘rgani kelishadi, o‘zim ham mehmonga borib turaman. Bu yerga odamlarni majburlab tashlab ketishadi, degan tushuncha noto‘g‘ri. Aksincha, biz shu yerda halovat topganmiz. Hozir qayerga bormay, tezroq bu yerga qaytgim keladi.

Aytish joizki, markaz endi faqat vasiylikka olinganlar bilan shug‘ullanmaydi. Unda pullik hizmatlar ham yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan, parvarish qilishi shart bo‘lgan birinchi darajadagi qarindoshlari bo‘lgan o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga  kiritilgan oilalarning o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalari va nogironligi bo‘lgan shaxslari shartnoma asosida pullik xizmatlardan foydalanishi mumkin.

— Ko‘p sanatoriylarga borganman, hech biri bunchalik qulay emas edi, - deydi markazda shartnoma asosida reabilitatsiya qilinayotgan pastdarg‘omlik 75 yoshli Abdusamat Roziqulov. – Bu joy haqida mahalladan eshitgandik. Boshida hayiqdik. Odamlar bolalari “Qariyalar uyi”ga tashlab kelibdi, deb o‘ylashadi-da. Salomatligim yomonlashavergach, kelishga majbur bo‘ldim. Yaxshi qilibman. Shifokorlarning ko‘magi bilan uch kun deganda oyoqqa turdim. Deyarli harakatdan to‘xtagan edim. Bu yerda hamma narsa biz keksalarga moslab qilingani quvonarli. Endi tez-tez kelib turaman.

Qarorga ko‘ra, markaz xodimlari shartnoma asosida mobil ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarini ham ko‘rsatadi. Bunda har bir mobil guruh shaxsga ko‘rsatiladigan xizmatlarning xususiyatiga qarab shakllantiriladi.

Hech kim bekorchilikdan zerikmaydi

Markazning o‘ziga xos jihati shuki, unda bir qarich ham bo‘sh yer yo‘q. Daraxtlar ekilgan, ularning orasida gulzorlarni ko‘rasiz. Bu go‘zallikni yaratishda faqat markaz xodimlari emas, shu yerda doimiy yashovchi insonlarning ham mehnati bor.

— Ishni boshlaganimizda hududni bog‘u rog‘ga aylantirishni maqsad qilgan edik, - deydi Surayyo Javadova. – Oson bo‘lmadi. Tikan ham o‘smaydigan toshloq yerlarni kavlatib, unumdor tuproq soldik. Ekkan daraxtlarimiz bugun ko‘kka bo‘y cho‘zib, atrofga salqinlik ulashmoqda. Bundan tashqari, doimiy yashovchilarimiz o‘zini uyidagidek his qilishi, zerikkanida ovunishi uchun bir katta xo‘jalikda nima bo‘lsa, barini tashkil qilganmiz. Qo‘yxona va tovuqxonamiz bor, dehqonchilik qilish uchun tomorqa va issiqxona ajratilgan.

Sergey akaning markazga kelganiga 7 yil bo‘lgan. “Hech kimim yo‘q, yoshlikda orttirgan do‘stlarim esa meni to‘g‘ri yo‘lga boshlamadi”, deya o‘tmishini afsus bilan xotirlaydi u. Markazda kimgadir kerakligingni, himoyada ekanligingni his qilasan. Vaqtimiz ham besamar o‘tmaydi. Ilgari yerga bir dona urug‘ qadamagan odam edim, dehqonchilikka mehr qo‘ydim. Vaqt topdim deguncha, “ogorod”imga shoshaman. Mana, pomidorlarim yetilib qolibdi. 

Markazda ayollar uchun tikuvchilik, to‘qimachilik singari to‘garaklar ham faoliyat yuritmoqda.

U yerda har kim ham ishlay olmaydi, ishlayotganlarining ketgisi kelmaydi

Ayni kunda markazda 102 nafar o‘rta va kichik tibbiyot xodimi hamda shifokor mehnat qilmoqda. Markazdagi hayotni o‘rganib, shu narsaga amin bo‘ldikki, undagi sokinlik ham vaqti-vaqti bilan buzilib turadi. Yashirib nima qildik, vasiylikka olinganlarning barchasi ham namunali hayot kechirgani uchun bu yerga kelib qolmagan. Qolaversa, keksa yoshli, mustaqil harakatlana olmaydigan insonlarga kun-u tun g‘amxo‘rlik qilishning o‘ziga yarasha mashaqqatlari bor.

— Markazga hamshira bo‘lib ishga kirganimga 6 yil bo‘ldi, - deydi Feruza Ravshanova. – Boshida qiynaldim, qarovimdagilar menga yaxshi muomalada bo‘lmas, gohida urishib berardi. Sabr bilan ularning ishonchiga kirdim. Hozir qarindoshdek yaqinmiz. Ular bizga, biz ularga o‘rganib qolganmiz. Markazimizda pullik xizmat ochilib, viloyatimizning turli hududdan odamlar kela boshlagach, doimiy yashovchilarning kayfiyati ham, ruhiyati ham yaxshilandi. Endi ular tengdoshlari bilan suhbat qiladi, ko‘nglini ochadi. Bu bizning ishimiz samaradorligida ham aks etyapti.

Darhaqiqat, inson, u xoh keksa, xoh imkoniyati cheklangan bo‘lsin, hayot qiyinchiliklari qarshisida yolg‘iz qolishdan qo‘rqadi. Agar vaqtida yolg‘iz qolmaganida, yonida yaqinlari yelkadosh bo‘lganida, yuqorida tilga olinganlarning taqdirlari balki boshqacha bo‘lardi. Ular odamlarga ishonishdan qo‘rqadi. Kerak vaqtida tashlab ketishgan bo‘lsa-da, yaqinlarini kutadi. Yaxshisi, bu mavzuga keyingi maqolada to‘xtalamiz. 

Asqar BAROTOV.