Hayot uchun xavfli vaziyatda qolsa-da, omon qolganlar
Hayot uchun xavfli bo‘lgan vaziyatga tushib qolish turli omillarga bog‘liq. Bu vaziyatdan omon chiqib ketish uchun inson idroki nimalar qilishining ham chek-chegarasi yo‘q. Quyida keltirilgan holatlarda insonlar boshlariga tushadigan ko‘ngilsizliklardan bexabar edi. Biroq ular o‘lim bilan yuzma-yuz to‘qnash kelib, omon qolishga erishgan.
“Yovvoyi to‘ng‘izlar”
2018 yilda navbatdagi mashg‘ulotlardan so‘ng “Yovvoyi to‘ng‘izlar” bolalar futbol jamoasining 12 nafar ishtirokchisi murabbiyi boshchiligida Tailandning eng uzun g‘orlaridan birini sayr qilishni rejalashtiradi. Biroq g‘orning ancha ichkarisiga kirib borgan 11 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar va ularning 25 yoshli murabbiysi tuzoqqa tushib qolishdi. Bir tomondan ko‘tarilgan dengiz suvi barcha chiqish yo‘llarini bekitib qo‘ygan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, chiqish yo‘lini o‘pirilib tushgan toshlar yopib qo‘ydi.
Bolalar bir haftadan ortiq suv va oziq-ovqatsiz qolib ketdi. Ular suv o‘rniga g‘or devorlaridagi namlikni shimib hayot saqladi. Qutqaruvchilar ularni g‘ordan olib chiqishni rejalashtirdi va yordamga suv ostiga shung‘uvchi (dayverlar) mutaxassislar chaqirildi. Uch kunlik qutqaruv ishlari natijasida tuzoqda qolib ketgan futbol jamoasi jarohatlarsiz qutqarib olindi.
Anjela Ernandes
2018 yilning iyul oyida Janubiy Kaliforniyaga ketayotgan Anjela Ernandes avtomobil boshqaruvini yo‘qotib 61 metrlik tepalikdan suvga qulab tushdi. Miyaga qon quyilishi, qovurg‘a va yelka sinishiga qaramasdan, Anjela cho‘kayotgan avtomobildan chiqishga va qirg‘oqqa suzib kelishga muvaffaq bo‘ldi. Qirg‘oqqa chiqib olgach, hushidan ketdi.
Biroq hayotning eng dahshatli sinovi hali oldinda edi. Anjela tepalikda o‘tib qaytayotgan avtomobillarni ko‘rib turardi, yordamga chaqirardi. Lekin yo‘lning tez qatnov hududidan o‘tayotgan avtomobil haydovchilari uni eshitmasdi. U bir hafta yordam kutib yotdi, uning yonidagi suv faqatgina lablarini namlashga yetardi. Oxir-oqibat hushsiz yotgan qizni baliqchilar topib olishdi.
Yuliana Kyopke
1971 yilning Rojdestvo bayrami arafasida 17 yoshli Kyopke yashin urish oqibatida halokatga uchragan samolyot yo‘lovchilari orasida edi. Yashin urish oqibatida Kyopke uchib ketayotgan samolyot osmonda bo‘laklarga bo‘linib ketdi. Yo‘lovchi o‘rindig‘iga o‘tirgan holda pastga qulagan Kyopke halokatda omon qolgan yagona odam edi. Qalin o‘rmonga qulagan Kyopke mo‘’jiza tufayligina omon qoldi. Baland daraxt shoxlari uning yer bilan to‘qnashishini yengillashtirib berdi.
Omon qolgan Kyopke dastlab samolyot qoldiqlari orasidan turli yeguliklar va suv topib jon saqladi. Uning yelkasi singan, oyoqlari qattiq jarohatlangan edi. Samolyot yonida qolishdan naf yo‘qligini sezgan Yuliana yordam izlab, changalzor uzra daryo tomon sudralib ketdi. U to‘qqiz kun changalzor uzra sudralib, qurt-qumursqalar bilan oziqlandi. Nihoyat to‘qqizinchi kuni daryo qirg‘og‘iga chiqishga muvaffaq bo‘ldi.
Daryo qirg‘og‘ida holsiz yotgan Yulianani mahalliy baliqchilar topib oldi. Baliqchilar unga birinchi yordam ko‘rsatdi. Qizning ustiga benzin quyganlarida, to‘qqiz kun sudralib yurgan qizning badaniga in qurib olgan turli qurt va hasharotlar tashqariga sudralib chiqa boshladi. Bir necha soatdan keyin Kyopke vertolyotda kasalxonaga yetkazildi.
Kyopkening irodali omon qolishi to‘g‘risida rejisser Verner Xersog “Umid qanotlari” nomli hujjatli film suratga olgan. Darvoqe, Verner Xersog ham o‘sha halokatga uchragan reysda parvoz qilishi kerak bo‘lgan. Biroq u so‘nggi daqiqalarda parvozdan voz kechgan.
Aron Ralston
Aronning sarguzashti haqida “127 soat” nomli badiiy film suratga olingan.
Ekstremal sportga qiziquvchi Aron, o‘sha kuni Yutadagi Moviy Jon kanonida yakka o‘zi qoyalarga chiqib mashq qilayotgan edi. To‘satdan o‘lkan tosh uning qo‘lini bosib qoldi. Aron o‘zining borish manzilini hech kimga aytmagan edi, uning qayerdaligini hech kim bilmasdi. Suv va oziq-ovqat zaxiralari deyarli tugagandi. Shu sababli uning omon qolishi faqatgina o‘ziga bog‘liq edi. Aron eng dahshatli qarorga kelish uchun uch kun hayot bilan kurashdi. Suv tugaganidan so‘ng u o‘z peshobini ichishga majbur bo‘ldi. Ralston qo‘lini chiqarib olsagina omon qolishini bilardi. Ammo buning iloji yo‘q edi. Oxir-oqibat u hayotidagi eng muhim qarorni qabul qildi – qo‘lni kesib tashlash (amputatsiya).
Oradan olti kun o‘tganidan so‘ng Ralston qo‘lni kesib olishning eng oson yo‘lini topdi. U dastlab qo‘l suyaklarini sindirdi, so‘ng qo‘lini kesib oldi. Lekin uning oldida undan ham murakkab avtomobiliga yetib borish vazifasi turardi. Buning uchun Aron jarlikdan 18 metr tepalikka bir qo‘li bilan chiqishi zarur edi...
Qo‘lini amputatsiya qilganidan olti soat o‘tib, Ralston kasalxonaga yetkazib borildi. U ko‘p qon yo‘qotish oqibatida o‘lim arafasida edi.
Aron Ralston bu voqeadan so‘ng o‘zining ekstremal sportga bo‘lgan qiziqishidan voz kechmadi. U bugungi kunda ham sportning bu turi bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda.
Robertsonlar oilasi
1971 yilning 27 yanvar kuni britaniyalik fermer Dugal Robetson, rafiqasi va to‘rt nafar farzandi “Lyusetta” nomli kichik yog‘och kemada dunyo bo‘ylab sayyohatga chiqdi. Robertsonlar oilasi 17 oy dengizda sayyohat qildi, dunyoni ko‘rdi va o‘rgandi. Biroq 1972 yilning 15 iyun kuni, ularning kemasi bilan kasatkalar to‘dasi to‘qnashib ketdi. Oqibatda kema jiddiy shikastlandi.
Robetsonlar o‘zi bilan olti kunga yetadigan oziq-ovqat olib, zudlik bilan qutqaruv qayig‘iga o‘tib oldi. Oila a’zolari suv olishga ulgurmadilar – ularni faqat yomg‘ir suvi qutqarib qoldi. Oradan 16 kun o‘tib, barcha oziq-ovqat va suv zaxiralari tugadi. Baliq va toshbaqa ovlash uchun yasalgan qo‘lbola nayza ham yaroqsiz ahvolga kelib qoldi.
Robertsonlar oilasi jami 38 kun ochiq dengizda oqim bo‘ylab suzib yurdi. Nihoyat, ularni yapon baliqchilari topib olishdi. Faqatgina mo‘’jiza tufayli oilaning hech bir a’zosi halok bo‘lmadi.
Bekzod MUSURMONOV tayyorladi.