Hayot vaqtlardan tarkib topgan, uning qadriga yeting

Talaba va magistrlar bilan “Bir sutka - 24 soatda nima bilan band bo‘lasizlar?” degan qisqagina so‘rovnoma o‘tkazdik. Chunki ko‘plari topshiriqlarni bajarmaydi, so‘rasangiz vaqtim yo‘q, degan vajni aytishadi.

So‘rovnomaning natijasi shuni ko‘rsatdiki, ular bir sutkada 2 soatdan 4 soatgacha vaqtini besamar o‘tkazar ekan. Bu vaqt internetda turli o‘yinlarni o‘ynashga, mazmunsiz va maqsadsiz suhbatlarga, ko‘cha va do‘konlarda ortiqcha vaqt sarflashga ketar ekan. Xullas, o‘qishga 1 soatdan 1,5-2,0 saatgacha vaqt ajratishini aytishgan.

Ularga quyidagilarni aytishni lozim, deb topdik:

“Hurmatli talaba va magistrlar, bunday imkoniyat qaytib kelmaydi. Vaqtingizni bekorga o‘tkazmang, hayotingiz vaqtlardan tarkib topgan. Bugungi kunim juda tez yoki sekin o‘tdi ham demang, bu o‘tgan damlaringiz kun emas, hayotingizning bir parchasidir. Siz bugunni, bugungi kuningizni, yoningizdagilarni, qo‘lingizdagilarni qadrlang. Ertaga bular bo‘lmasligi mumkin. Hali vaqt keladi deb kutmang, vaqt va imkoniyat faqat o‘tib ketadi, xolos. Har kuni kitob o‘qishga 3-4 soat ajrating. Bu kelajakka ekilgan meva bo‘ladi. Hosili keyinroq yetiladi, uni albatta ma’lum vaqtdan keyin yig‘ib olasiz.

Hayot bu shunday murakkab masalaki, uni hali hech kim oxirigacha yechgan emas. Hayotni yangidan boshlayman deb o‘ylamang. Sizniki allaqachon boshlangan. Agar noto‘g‘ri yo‘ldan ketayotgan bo‘lsangiz, yo‘lingizni to‘g‘rilab oling, uni o‘zgartiring. Yo‘lingizning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligiga o‘zingiz tashxis qo‘ya olmasangiz ustozlardan, tajribali insonlardan maslahat oling.

Kuningiz qanday boshlanishidan qat’i nazar shukur qiling, bu sizning hayotingiz. Zinhor vaqtim ko‘p deb o‘ylamang, uni qadrlang. O‘tgan vaqt qaytmaydi. U Sizning tarixingiz, hayot hammaga bir marta berilganligi uchun orqaga qaytmaydi. Aslida hayot bu lahzalardan iborat. Birorta lahzangizni bekorga o‘tkazmang, hayotingizni zavol qilmang. Chunki, hayot takrorlanmaydi.

Sizning har bir tongingiz yashash uchun imkoniyat. Shu kunni mazmunli va samarali o‘tkazsangiz, o‘z o‘tmishingizda, millat tarixida katta voqea sifatida abadiy muhrlanib qolishi mumkin. Demak, har bir kunni qadrlashni bilaylik. Agar hayotingizda birorta noo‘rin lahza bo‘lsa, bu vaqtincha deb o‘ylamang, u ham hayotingizning bir parchasi. Barcha berilgan ne’matlari uchun Yaratganga hamd ayting, shukur qiling! Bugungi kuningizni kechagi g‘am bilan, ertangi tashvish bilan band qilmang. Kelajak poydevorini bugun yaratayotganligingizni unutmang!

Mamayunus Pardayev,

iqtisod fanlari doktori, professor.