Hayotdan falsafa uqqan olima

Mohir pedagog, jonkuyar murabbiy, mehribon ona, Samarqand davlat tibbiyot instituti gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi Dilorom Yo‘ldosheva 70 yoshni qarshilamoqda.

D.Yo‘ldosheva 1951 yili Ishtixon tumani Sarbozor qishlog‘ida dunyoga kelgan. 1968 yilda maktabni tugatgach, Narpay tumanidagi (hozirgi Paxtachi) 82-maktabda rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi sifatida ish boshlagan. 1975 yilda Samarqand davlat universitetining rus filologiyasi fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatdi. Shundan so‘ng qizg‘in ish va jamoatchilik faoliyatini boshladi. O‘zi tahsil olgan universitetda talabalarga rus tilidan saboq berish bilan bir qatorda xalq deputatlari Samarqand viloyat ijroiya qo‘mitasida maxsus xodim sifatida faoliyat ko‘rsatdi. 1982 yilda viloyat partiya qo‘mitasining tavsiyasi bilan Samarqand davlat tibbiyot instituti falsafa kafedrasiga o‘qituvchi sifatida ishga qabul qilindi va hozirgi kunga qadar gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi sifatida ishlab kelmoqda.

Dilorom Yo‘ldosheva institutda bo‘lg‘usi shifokorlarni vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning mustaqil fikrlovchi, yuksak malakali kadrlar sifatida kamol topishida bor kuch-g‘ayratini ayamay, talabalarga rus va o‘zbek tillaridan bilim berib kelmoqda.

O‘tgan yillar davomida o‘z fanini yanada chuqur bilish, malakasini oshirish uchun doimiy izlanishda bo‘ldi. Ijtimoiy fanlar yetakchi o‘qituvchilari bilan viloyatimiz tuman va shaharlari aholisi o‘rtasida mustaqil O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy sohada erishayotgan yutuqlarini aholi orasida targ‘ibot-tashviqot qilish ishlarida faol ishtirok etib keldi.

Uzoq yillar davomida institut xotin-qizlar qo‘mitasi raisi vazifasida ishlab, qizlarni oilaga tayyorlash, ularning ijtimoiy-huquqiy himoyasi yo‘lida qator ishlarni amalga oshirdi.

D.Yo‘ldosheva falsafaga oid ilmiy mavzularda izlanishlar olib borib, millatlararo munosabatlar, milliy g‘oya, mamlakatimizda yosh avlod tarbiyasi kabi mavzularda 40 dan ortiq ilmiy maqolalar chop ettirdi. Talabalarga bilim berish sifati va samaradorligini oshirishga munosib hissa qo‘shib, 45 ta o‘quv uslubiy qo‘llanmalar yozdi. Jumladan, uning «Falsafada dolzarb muammolar» nomli monografiyasi alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. D.Yo‘ldosheva Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyat hokimligi, kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan.

Dilorom Yo‘ldosheva ishda fidoyi bo‘lishi barobarida oilada namunali beka, ikki o‘g‘il va ikki qizni jamiyatga kerakli insonlar sifatida voyaga yetkazdi. O‘tgan asrning 80-yillarida otasidan erta ayrilgani uchun ukalariga ham ota, ham ona vazifasini o‘tagan yosh Diloromni hayotning o‘zi sinmas iroda, qat’iyat, fidoyilik kabi xislatlar bilan siyladi va doim yo‘lini yoritib turdi.

Bugun olimani tabarruk yoshi bilan qutlar ekanmiz, u kishiga uzoq umr, sihat-salomatlik tilaymiz.

Yaxshinor ALLAYoROV.