Hayotimizda yuz berayotgan yangilanishlar Konstitutsiyaviy tuzatishlarni taqozo etdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muzaffara Abdiyeva ishtirokida Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasi yuzasidan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda filialning professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar, partiya faollari ishtirok etdi.
Dastlab M.Abdiyeva “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berdi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning Yangi O‘zbekistonni yangi bosqichda rivojlantirishdagi o‘rni, inson qadrini ulug‘lashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Keyingi yillarda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, madaniy va boshqa sohalarida yuz bergan yirik o‘zgarishlarga e’tibor qaratdi.
– Hayotimizda yuz berayotgan ana shu yangilanishlar Konstitutsiyaviy tuzatishlarni taqozo etdi, – dedi M.Abdiyeva. – Takliflar berish jarayoni va qonun loyihasi muhokamasida xalqimizning faol ishtirok etayotgani yurtdoshlarimizning bo‘lg‘usi tinch, obod kelajagiga daxldorlik tuyg‘usi mustahkam ekanini ko‘rsatmoqda. Konstitutsiyaviy islohotlar jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlariga mansub fuqarolarning ijtimoiy, shaxsiy, iqtisodiy, siyosiy, ekologik, madaniy huquqlari va manfaatlarini ta’minlab, ishonchli himoya qilishga qaratilgan huquqiy normaga aylanadi.
Qizg‘in muhokamalarga boy bo‘lgan tadbirdan anglash mumkinki, islohotlarga fuqarolarda daxldorlik hissi ortib bormoqda. Islohotlar, eng avvalo, "Inson qadri uchun" ekanligini anglab yetmoqda.