“Hayotimni saqlab qolishdi”. Yoxud ijtimoiy “shifokor”lar bilan bir kun

“Hayotda ko‘p adashdim. Hozir uy-joyim yo‘q, qarindoshlarim ham. Spirtli ichimliklarni ko‘p iste’mol qilish ortidan qator kasalliklarni orttirib oldim. Oxirgi kunlarda oyoqlarim ham o‘zimga bo‘ysunmay qo‘ydi. Ko‘chada qolib ketaman deb o‘ylagandim...”.

Bu shu kunlarda Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasida davolanayotgan M.K.ning iqrori. Shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi yordami bilan oyoqqa turgan fuqaroning kelajakdan umidlari katta.

Aytish joizki, bunga o‘xshash voqealar bugun Kattaqo‘rg‘on shahridagilar uchun yangilik emas. Hududda sinov tariqasida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida shu kabi qiyin ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan 12 toifadagi fuqarolar reabilitatsiya qilinib, ijtimoiy himoyaga olinmoqda.

– Aholiga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar 4 ta shu’baga bo‘lingan holda tashkil etilyapti, - deydi markaz direktori Jasur Ahmedov. – Fuqarolar bilan joylarda ishlash uchun 10 nafar ijtimoiy xodim va shuncha assistent shtati ajratilgan. Faoliyatimizni xonadonlarni xatlovdan o‘tkazish hamda ulardagi vaziyat, oila va fuqarolarning yashash sharoitini o‘rganishdan boshladik. Bu tez bo‘ladigan jarayon emas, albatta. Shunday oilalar borki, ulardagi ijtimoiy muhitni to‘g‘ri baholash uchun bir yoki ikki kun emas, haftalab kuzatuv olib borish, jarayonga psixologlarni jalb qilish kerak bo‘ladi. Natija o‘zini oqlaydi, xodimlarimizning sabri va mehnati ortidan ehtimoliy muammolarning ham oldi olinyapti.

Nogironlik aravachasi o‘rniga qo‘ltiqtayoq

Ijtimoiy xizmat deyilganda ko‘pchilik faqat davlat tomonidan beriladigan moddiy yordam va subsidiyalarni tushunadi. Aslida bu juda keng soha bo‘lib, uning bosh maqsadi insonlarning turmush tarzini yaxshilash, jamiyatni sog‘lomlashtirishdir. Bunga erishish uchun esa ijtimoiy muammolarni bartaraf etish kerak. Moddiy yordam muammoning yechimi emas, albatta.

– Kerakli muolajalardan keyin oyoqqa turishi mumkin bo‘lgan fuqaroga nogironlik aravachasini bersangiz, u sog‘ayishga shoshilmaydi, oqibatda rostdan ham nogiron bo‘lib qoladi, - deydi markazning nogironlar bilan ishlash shu’basi mudirasi Feruza Rahimova. – Shunday fuqarolar borki, har qancha davolanishiga qaramay, o‘zini jismonan zaif his qiladi, aslida uning muammosi psixologiyasida bo‘ladi. Bu o‘z navbatida bizdan har bir holatni individual va chuqur tahliliy o‘rganishni talab qiladi. Soddaroq qilib aytganda, biz kimga nogironlik aravachasi va kimga qo‘ltiqtayoq ko‘proq foyda berishini aniqlaymiz.

Ma’lumotga ko‘ra, shaharda nogironlar soni ortmoqda - 2023-yilning yanvar holatiga 2360 nafar bo‘lsa, joriy yilda 2550 nafar. Shu bois markazda nogironlarni reabilitatsiya qilish, qiziqishiga qarab, parasport va kasbga yo‘naltirishga e’tibor qaratilgan. Joriy yil hisobidan shaharda istiqomat qiluvchi 6 nafar nogironligi bor fuqaro parasport bilan shug‘ullanishni boshlagan bo‘lsa, 1 nafari ishga joylashtirilgan hamda 6 nafari kasbga o‘qitilmoqda.

Insoniylik kasb bo‘lsa...

– Hududda 84 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj nuroniylar istiqomat qiladi, - deydi markazning katta yoshdagi va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan oilalar bilan ishlash shu’basi mudirasi Zulfiya Qo‘chqorova. – Ularning ayrimlarida qarindosh-urug‘ yo‘q, boshqalariniki uzoqqa ko‘chib ketgan. Bunday holatda biz birinchi navbatda qarindoshlar o‘rtasidagi aloqalarni tiklashga harakat qilamiz. Buning imkoni bo‘lmasa, markazdan assistent ajratiladi. Ular belgilangan vaqtlarda fuqarolarning uyiga borib, maishiy xizmat ko‘rsatadi. Bunga kirlarni yuvish, uy va hovlini tozalash, yegulik tayyorlash, dorixona yoki do‘konga borib kelish singari vazifalar kiradi. 

Biz assistentlar faoliyati bilan tanishish maqsadida joylarga chiqdik. Birinchi manzilimiz G‘arbmachit mahallasida istiqomat qiluvchi 88 yoshli Nuriya Saidovaning xonadoni bo‘ldi. Keksalik yillarida yolg‘iz qolgan onaxon ko‘makchisi Marg‘uba Azamatova bilan savol-javobimizni noto‘g‘ri tushunib, “Marg‘ubani urushmanglar”, deya koyib berdi.

– 45 yil shifokorlik qilib, odamlarni davoladim, - deydi onaxon. – Taqdir ekan, keksayib, o‘zim ham e’tiborga muhtoj bo‘lib qoldim. Marg‘uba yaxshi, har kuni kelib, xizmatimni qiladi. Undan va holimdan xabar olayotgan boshqa ijtimoiy xodimlardan minnatdorman. Ularsiz taqdirimiz nima bo‘lardi, bilmayman.

Marg‘uba opa shahardagi 4 ta mahallada istiqomat qiluvchi yana 4 nafar shunday fuqaroga maishiy xizmat ko‘rsatadi. Ularning orasida salomatligi og‘irlari ham bor.

– Qarovimdagi keksalar menga, men esa ularga o‘rganib qolganman, - deydi Marg‘uba opa. – Ish vaqtim erta tongdan boshlanadi. Avvalo, mustaqil harakatlana olmaydiganlarning holidan xabar olaman, choyini tayyorlayman. Keyin boshqa manzillarga qarab shoshaman. U yerda ham meni kutib turgan bo‘lishadi. 

“Mening hayotimni saqlab qolishdi”

Markazning mahallada ijtimoiy xizmatni tashkil etish shu’basidan olingan ma’lumotga ko‘ra, hududdagi 36 mahalla ijtimoiy xodimlar o‘rtasida taqsimlangan. Ular har kuni joylarda ijtimoiy kuzatuv olib borib, tegishli toifalarga kiradigan fuqarolarga ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan ijtimoiy xizmatlar keysini shakllantiradi.

Xususan, maqola boshida keltirilgan voqea qahramonining yangi hayoti ham 10 ming nafardan oshiq aholi istiqomat qiladigan Damariq, Yormachit va Navbahor mahallalarida faoliyat olib borayotgan ijtimoiy xodim Adham Ustaboyev bilan uchrashuvdan keyin boshlangan. Biz M.K. bilan shifoxonada uchrashdik. U ijtimoiy xodim uning hayotini saqlab qolganligini bot-bot takrorlardi. “Shifokorlarning aytishi bo‘yicha yana bir-ikki kun kechikkanimizda, kasalligim og‘ir oqibatga olib kelishi mumkin ekan. Bu odamlar menga shu vaqtgacha ko‘rmagan yaxshiligimni qilishdi”, - deydi u hayajonlanib. O‘tgan vaqtda markaz aralashuvi bilan fuqaroning yo‘qotilgan pasporti qayta tiklanibdi. Endi M.K. kasbga o‘qib, ishlamoqchiligini aytdi. Albatta, markaz unga bu imkoniyatni ham beradi.

Maqolada tilga olingan xizmatlar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan ko‘rsatilayotganlarining bir qismi, xolos. Viloyatimizdagi ikki hudud – Paxtachi tumani va Kattaqo‘rg‘on shahrida sinov tariqasida tashkil etilgan markazlar faoliyati tizimli takomillashtirib borilmoqda.

Asqar BAROTOV.

***

Ushbu videolavha va maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.