Hayotning buyuk savoliga javob izlab yashayotgan jurnalist

Tiriklik tegirmoni bir maromda aylanar ekan, umr zalvori ostida soniyalar parcha-parcha bo‘lib boraveradi — mashaqqatlar girdobida kunlar yo‘qlikka yuz tutadi. Mana shu mushkullik ichra qalb gavharini butun saqlay olgan kimsagina saodatga erishadi. Bunday inson asl ma’noni  — umr hikmatini anglagan kishidir. Yuragini so‘zga bog‘lab, 50 yildan buyon radio va gazeta jurnalistikasida samarali ijod qilib kelayotgan Olim Xo‘jayev shaxsi va faoliyati haqida ham ana shunday deyish mumkin...

***

1952 yil. Paxtachi tumanining Sultonobod qishlog‘i. Noyabr oyi yakunlanayotganiga qaramay kolxoz dalalarida paxta terimi qizg‘in. Kuzak shamoli etni junjiktirarkan, ana shu izg‘irinda eru xotin, keksa-yu yosh egatlarda paxta terish bilan ovora. Barchaning kayfiyati tund — chanoqlarda qolgan so‘nggi umidlar-da etaklarni to‘ldirmaydi!

...Hamisha yaxshi bir so‘zga mahtal odamlar orasida shu dam birdan shivir-shivir boshlandi. Shu kuni qishloqdagi Xo‘ja boboning avlodlari, yosh o‘qituvchilar Fayzulla Xo‘jayev va Sharofat Saloyeva xonadonida ikkinchi farzand — ikkinchi o‘g‘il dunyoga kelgandi. Bu xushxabar qishloqda tez tarqalarkan, odamlar kayfiyatidagi horg‘inlik bir qadar chekindi. Shu kuni o‘qituvchilar xonadoniga kelib-ketuvchilar ham ko‘p bo‘ldi. Kattalar maslahatlashib go‘dakka Olimjon, deya ism qo‘yishdi. Ularning birdan-bir ilinji — oddiy qishloqning farzandi kelajakda xalqqa nafi tegadigan katta inson bo‘lishini dil-dildan istashgandi.

***

Agar ota-ona o‘qituvchi bo‘lsa, boringki, ana ular ishlayotgan maktabda farzand ham ta’lim olsa, bu bola zimmasiga ikki karra mas’uliyat yuklaydi — “o‘qituvchining farzandi” degan ta’rifga hamisha mos bo‘lish kerak!

Qishloqning 6-sonli maktabida ta’lim ola boshlagan Olimjon ham ancha-muncha tirishqoq, barcha fanlarda a’lo o‘quvchi edi. Ammo uning yana bir xislati — futbolga bo‘lakcha mehri bor ediki, darsdan so‘ng stadiondan beri kelmasdi.

— Otam  fizika-matematika fanidan 40 yil dars bergan bo‘lsalar, onam boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi edilar, — deydi yoshlik chog‘larini eslab O.Xo‘jayev. — Oilada besh nafar farzand ulg‘ayganmiz. Dadamiz bizlarni erkalatmas, vaqtimizni bekor o‘tkazishga ham yo‘l bermasdi. Meni esa ko‘p to‘p tepganim uchun ba’zan koyirdilar, ammo maktabda baholarim yaxshi bo‘lgani uchun ko‘pincha indamasdi. Otam san’atni sevardi, maqom qo‘shiqlarini aytardi. Akam Tohir Xo‘jayev ham Toshkentda ta’lim olib, o‘zbek tili fani o‘qituvchisi bo‘ldi. U kishi Navoiy viloyatining “Do‘stlik bayrog‘i” gazetasida ham faoliyat olib borgan. Oilamizda hamisha ijodiy muhit bo‘lgan va biz mana shunday davrada katta bo‘lib, jurnalistikaga qattiq qiziqqanmiz. Men o‘zim maktab chog‘larimdanoq gazetalarga xabarlar yozardim va ular asosan  “Paxtakor ovozi” (hozirgi “Paxtachi”) tuman gazetasida chop etilardi.

Mana shu kichik-kichik xabarlar, aslida keyinga katta hayot yo‘liga bir ishoralar edi. Dastlab, sportga bo‘lgan qiziqishi 8-sinfni bitirgan O.Xo‘jayevni 1967 yilda Samarqand jismoniy tarbiya pedagogika bilim yurtiga yetakladi. Bu yerda to‘rt yil tahsil olib, so‘ngra o‘z qishlog‘idagi maktabda faoliyat boshladi. Bir necha oydan so‘ng harbiy xizmatga otlanib, yigitlik burchini o‘tab kelgach, Samarqand davlat universiteti rus filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirdi. Bu vaqtda Olimni katta ijod davralari kutib turgandi...

***

Oliy ta’limdan so‘ng maktabda yana pedagoglik faoliyatini davom ettirgan bo‘lajak jurnalist maqolalar yozishdan  to‘xtamadi. 1982 yilda Navoiy viloyati tashkil etilganidan so‘ng esa uni viloyat radiosiga ishga taklif qilishdi. Bu kutilmagan, biroq jurnalistikaga havasmand inson uchun muhim taklif edi. Mana shu ijod maktabida Shukur Nurboyev, Rizo Xudoyqulov, Yorqul Umarov, Anatoliy Ivanov va boshqa bir qator ustozlarning qo‘llab-quvvatlashi bilan qalami charxlanib bordi. O‘zbek tahririyatida ish boshlagan yosh ijodkor kattagina va og‘ir reportyor qurilmasini yelkasiga osgancha olis Qizilqumning turli nuqtalaridan reportaj va lavhalar tayyorlar, tez orada eshittirishlari respublika radiosida ham qo‘yila boshlandi. Shu tariqa O. Xo‘jayev tamal toshi qo‘yilgan Navoiy jurnalistika maktabining rivojlanishida fidoyilik bilan mehnat qila boshladi.

— Bu inson haqida gapirish men uchun bir tomondan oson va bir tomondan qiyin, — deydi shifokor va jurnalist, navoiylik taniqli sport sharhlovchisi Rahmonqul Boltayev. — Chunki biz yoshlikdan birga katta bo‘lganmiz, bitta jamoada futbol o‘ynaganmiz. Keyinchalik Samarqand shahrida ham birga tahsil oldik. Ham ijod, ham hayotda hamkormiz, ayniqsa sport sohasida maslakdoshmiz. Bir so‘z bilan aytganda, Olimjon aka har bir sohada o‘z fikriga ega yetuk inson, intiluvchan va zabardast jurnalist. Men u kishidagi mana shu xislatlarni qattiq hurmat qilaman.

***

2010 yil, yoz. Diqqinafas shifoxona palatasida o‘rnidan qo‘zg‘almagancha haftalab tanasidagi og‘riq bilan kurashayotgan jurnalist boshini ko‘targancha deraza tomonga qaraydi. U anchadan buyon son suyagi yemirilishidan aziyat chekar, ilgari tik oyoqda ko‘p yurilganidagina bilingan og‘riq endi davomiy tus olgandi.

Tashqaridagi tiniq osmon, yam-yashil daraxtlar ham negadir uning ko‘ngliga taskin bermaydi shu onda. Karavotga tirab qo‘yilgan hassaga qararkan, qalbi yanada xijil bo‘ladi. Shifokorlar endi u mana shu hassada yurishi shartligini ta’kidlashgan. Qachon chekinadi bu dard?! Nahotki, u endi mana shu hassaga suyanib qolsa?! Kurashuvchan, butun hayotida harakatdan to‘xtamagan, serg‘ayrat inson uchun bu bir taqdirning “hazili”dek — sinov aslida. Shu vaqt qalamkashning yuragiga qandaydir so‘zlar quyilib kelarkan, yostig‘i ostidagi yon daftari va ruchkasini olib, allanimalarni qoralay boshladi. Ilhomning shavqidan tanasidagi og‘riq ham sezilmay qoldi. Keyin to‘xtab, yana hassaga termuldi. Axir, nega o‘ksinadi, u butun umr suyangan hamrohi — qalami bor-ku!

Shu kundan boshlab o‘zidagi kuch va g‘ayratni yana uyg‘ota bilan O.Xo‘jayev sekin-asta hassa bilan yurishni boshladi. Xuddi qadrdon qalami kabi mana shu suyanchiq ham uning doimiy hamrohiga aylandi...

***

— Olim aka bugungi kunda ham faol ijod qilyapti, u kishining shijoati yoshlarga o‘rnak, — deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi raisi Otabek Aslonov. — Uyushma a’zosi sifatida press-turlarda, matbuot anjumanlarida doimiy qatnashib keladi. Ayni vaqtda yosh ijodkorlar uchun “Olim Xo‘jayev mahorat maktabi” ham tashkil etilgan. U kishi muntazam ravishda jurnalistika bo‘yicha o‘z hayotiy tajriba va bilimlarini yoshlarga o‘rgatib kelayotgani yana bir e’tirofga loyiq ish aslida.

Har bir jurnalist nimadir yozar ekan, bunda muhim mezon mana shu qaydlarning yillar yukiga nechog‘li bardoshliligi, bugun e’lon qilinayotgan maqola ertaga o‘qilishi bilan ham bog‘liq. Bir nechta kitoblar muallifi Olim Xo‘jayev ham bugun “Paxtachi farzandlari” nomli kitob tayyorlash ustida ishlamoqda. Bu boradagi turkum maqolalar esa mahalliy matbuotda chop etilib borilyapti.

— Maqola yozishda o‘zimga qo‘yadigan talablarim bor, — deydi faxriy ijodkor biz bilan suhbatda. — Avvalo, yozadigan har bir sohamni iloji boricha chuqur o‘rganishga intilaman. Sababi, men tayyorlaydigan “mahsulot” oddiy maktab o‘quvchisidan tortib rahbargacha tushunarli bo‘lishi lozim. Mazkur jarayonda keragidan ortiq faktlar yig‘ishga odatlanganman. “Ortib qolsa mayli, yetmay qolmasin” degan shiorim bor, shunga hamisha amal qilaman.

***

Inson hayotida — mehnat faoliyatida erishadigan barcha muvaffaqiyati, avvalo, oilasidagi tinch-totuvlik bilan bog‘liq. Olim Xo‘jayev devor-darmiyon qo‘shnisi Sayyora Ismoilova bilan turmush qurganiga ham 40 yildan oshdi. Ikkovlon to‘rt nafar farzandni o‘stirib, voyaga yetkazishgan bo‘lsa, ushbu oila farzandlarining barchasi el koriga yaraydigan insonlar — konchilik, tadbirkorlik kabi sohalarda faoliyat yuritmoqda.

“Hayotning buyuk savoli — odamlar orasida qanday yashash”, deydi farang faylasufi va adibi Albert Kamyu. Hamisha to‘g‘riso‘z, harakatchan va xushchaqchaq zamondoshimiz Olim Xo‘jayev o‘z ijod va umr yo‘li bilan mana shu azaliy jumboqning yechimini isbot etib kelmoqda. Yetmish dovondan oshayotgan ustoz jurnalistga qizg‘in ijod doimo yo‘ldoshi bo‘lishini tilab qolamiz!

Ozod MUSTAFOYeV,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.