«Hayrat ul-abror»ni nega hayrat bilan o‘qiymiz?
Alisher Navoiy ijodida inson haqidagi tushunchalar islomiy aqidalar negizida shakllangan. Shu bois Navoiy qarashlari Qur’oni karim va Hadisi sharifda inson haqida bildirilgan fikrlar bilan muvofiq keladi.
Birinchidan, Qur’ondagi oyatlar ba’zan mazmunan dostonlarda qaytariladi va inson mukarram zot ekani, uning vujudi tuproqdan bo‘lsa-da, ammo ruhi ilohiy xususiyatga egaligi bayon etiladi. Shoir insonni islomiy aqidalarga kat’iy amal qilgan holda ta’riflar ekan, uning iymonli bo‘lishi, shariat talablariga og‘ishmay rioya qilishi lozimligi, o‘zini anglashi, o‘z Rabbini tanishi zarurligi haqida yozadi. Inson ana shu mahzanni kashf etishi, ruhini kamol toptirib, poklanib, foniylikka yetib, ilohiy olamga yetishishi kerak. Komil inson – ilohiy ilmlarni egallagan, qalbi nurli, har narsadan ogoh odam. Ammo bu yo‘l bag‘oyat mushkulliklar bilan, tinimsiz Alloh sari poklanib borish bilan amalga oshadi.
Bu jihatdan «Hayrat ul-abror»ning 21-bobi ‒ alohida ahamiyatga ega. Unda ham Xoja Bahouddin Naqshband, ham Xoja Ubaydulloh Ahror Valiy ta’rifu tavsif etildi. Bobning dastlabki 15 bayti ‒ Xoja Bahouddin Naqshband, keyingi 30 bayti esa ‒ Xoja Ubaydulloh Ahror Valiy haqida.
Navoiyning boshqa asarlarida ham Hazrati Naqshband haqida fikrlar bor, lekin bu bobda u silsila asoschisi haqida keng to‘xtalib, uning mavqei va salohiyati, qarashlari – maslagini bayon etib berishga muvaffaq bo‘ladi, Xoja Ubaydulloh Ahror Valiyni esa “Xamsa” yozilgan zamondagi uning o‘rinbosari sifatida ta’riflaydi.
Navoiy hazrati Bahouddinning ulviy martabasi, tariqatdagi xizmatlari haqida yozar ekan, «naqsh» so‘zining ko‘p ma’noligidan foydalanib, zanjirli so‘z o‘yini hosil qiladi – ajoyib tasvir yaratadi. Ma’lumki, «naqsh» so‘zi ‒ bir nechta ma’noga ega. Navoiy «naqsh» deganda, avvalo, dunyoni, «naqqosh» deganda esa Xoliqi olamni ko‘zda tutadi:
Xojaki, naqqosh sipehri baland,
Bo‘lg‘ali har safhasiga naqshband,
Ayladi avroq munaqqash base,
Naqsh raqam ayladi dilkash base.
Shunday qilib, dunyo ashyolari, go‘zal hayot, falaklar barchasi ‒ Alloh, ya’ni Naqqoshi azalning naqshi suratlari. Shu kabi nabilar va valilar ko‘nglidagi limmo-lim ilm ham Allohning naqshi hisoblanadi. Jumladan, Hazrat Bahouddindagi valilik qobiliyati, ilohiy iste’dod ‒ Tangri ne’mati natijasi. Bahouddinning «naqshband»ligi ‒ ilohiy naqshbandlikning inson zotiga zuhur etishidan iborat. Bahouddin ko‘ngullarga ilohiy ishq naqshini, fano va faqirlar naqshini soladi. Bu zotning qalbida dunyo, ya’ni g‘ayr naqshi yo‘q. Uning qalbi shunday tozaki, unda faqat Alloh suvrati namoyon. U zikr orqali ko‘ngillarni Alloh ismu sifatlari bilan to‘ldirgan.
Xoja Ahror ham naqshbandiyaning buyuk murshidi. U ilmu donish, karomatu valilikda tengi yo‘q bir zot:
Ulki bu ofoq ichida toq erur.
Toq nekim, murishdi ofoq erur.
Charxi nigun dargahida xokro‘b,
Balki jabini bila xoshokro‘b.
Yuz qo‘yubon qullug‘ig‘a shohlar,
Bazmida bexud o‘lub ogohlar.
Albatta, bular ‒ shoirona baland pardali tavsiflar. Bu yuksak ruh shoirning Xoja Ahrorga ehtiromini ko‘rsatadi. Ul zotning sharafi buyukligini ta’kidlash orqali amalda tasavvuf g‘oyalarining, so‘fiylar e’tiqodining buyukligi ta’kidlanadi.
Xoja Ahrorning suhbatlarida beiymon iymon topadi, iymoni sustlarning iymoni mustahkamlanadi, u balolarni qaytaruvchi, ruh olamini sayr etib, mujdalar keltiruvchi, g‘ayb asrorini kashf etuvchi ulug‘ zot.
U shohlarga emas, shohlar unga qulluq qiladi, lekin Xoja Ahror uchun shohu gado ‒ barobar:
Haq so‘zini elga qilurda ado
Teng ko‘runub olida shohu gado.
O‘zigina emas, xalifalari, ya’ni shogirdlari ham ‒ olam eliga rahnamo. Xoja Ahror tijorat bilan shug‘ullanib, safarlar qilgan bo‘lsa ham, ammo «yuklarida tuhfai naqdi fano». Xoja Ahror Navoiy nazarida poklik va ruhiy-ma’naviy kamolot timsoli, ezgulikka hidoyat etuvchi rahbar, har qanday sharoitda haq so‘zni aytuvchi, shohlar va sultonlardan yuqori turadigan, Tangri taolo va payg‘ambar (s.a.v.) ishini bandalar orasiga joriy etadigan zot. Shoir yurtning obodligi, osoyishtaligini, shunday valilarning sharofatidan, deb biladi. Xoja Ahror hazratlari ‒ yurtlarning qo‘riqchisi, sultonlar uzra sulton:
Mulki jahon mazrayi dehqoni ul,
Balki jahon mulki nigahboni ul.
Yo‘qqi mamolikka nigahbon o‘lub,
Borcha salotin uza sulton o‘lub.
Navoiyning hazrati Jomiyga bag‘ishlangan baytlari ham pirga bo‘lgan mehr-muhabbatini ifoda etadi. Jomiy Navoiy uchun ham pir va ham iste’dod ilhomchisi – ustozi suxan. «Hayrat ul-abror»dagi Jomiy haqidagi bobda shu ikki jihat birga ifodalangan. Masalan, quyidagi satrlar Jomiyning buyuk so‘fiy piri murshidligiga ishoradir:
Qaysi jahon, olami kubro degil,
Qudrati Allohu taolo degil.
Xirqa aning jismida qapton bo‘lub,
Qaptoni tan, jismi aning jon bo‘lub.
Xirqa bila topmagani ixtisos,
Tanni riyo to‘nidin etmak xalos.
Chunki tavajjuhda quyi solsa farq,
Soyiri ravshan ravish, andoqqi barq
Demak, Jomiy garchi shayxlar kabi xirqa (maxsus so‘fiyona quroq to‘n) kiymasa ham, lekin unda valilik, so‘fiylikning barcha belgilari ‒ muhayyo. Bu odamda Xudoning qudrati mujassam bo‘lgan, u go‘yo olami kubro – ilohiy olamning yerdagi ifodasi. Boshini tavajjuh – tafakkurga egsa, o‘n sakkiz ming olamni sayr qilib chiqadi. Mana bu baytdagi ma’no esa Jomiy bilan Naqshband orasidagi munosabat salohiyat va martabadagina emas, balki axloq va ravishda ham o‘xshashlik borligini ko‘rsatib turadi:
Fayzi gadovu shah aro muntashir,
Xizmatiga shohu gado muftaxir.
Ya’ni, shohu gado unga barobar bo‘lib, xizmatiga kelish, nafasidan bahra olishdan faxrlanib yuradilar. Jomiy Navoiy uchun hayotdagi komil inson edi.
Komil inson haqidagi g‘oyalar asrdan-asrga, shoirdan-shoirga o‘tib, to‘lishib, teranlashib borgan. Bu bir ideal, obraz sifatida adabiyotdan mustahkam o‘rin olgan. Ruhoniy shayxlar, nomdor so‘fiylarga, komillik timsoli, deb qaralgan. Ularning axloqi elga namuna qilib ko‘rsatilgan.
Navoiy «Hayrat ul-abror»da o‘zi e’tiqod qo‘ygan shayxlar, valilar siymosini chizib, insoniy barkamollik, iymon va e’tiqod g‘oyalarini targ‘ib etadi. Bu dostonda Boyazid Bistomiy, Ibrohim Adham, Abdulloh Ansoriy, Shayx Iroqiy, Imom Faxriddin Roziy, Xoja Muhammad Porso, Abdulloh Muborak nomi bilan bog‘liq hikoyatlar keltiriladi. «Hayrat ul-abror»dagi ikki vafoli yor, rindi Bani Isroil, chinlik go‘zal va uning oshig‘i haqidagi hikoyatlarni ikkinchi qism hikoyatlariga kiritamiz. Navoiyda No‘shiravon, Hotami Toiy, Bahrom Go‘r, Ayub payg‘ambar hayotidan olingan hikoyatlar ham mavjud. Bu hikoyatlarning umumiy xususiyati shuki, ularning har birida bir so‘fiyona g‘oya ixcham, esda qoladigan darajada ifodali qilib tasvir etiladi.
Xullas, Navoiy qarashlarida tasavvuf g‘oyalari keng o‘rin egallaydi. Shoir so‘fiy axloqi haqida qator fikrlar bayon etishdan tashqari, valiy inson qanday bo‘lishini ko‘rsatgan. U o‘zining bevosita ustozi, piri Jomiyni ham shunday zotlar qatoriga qo‘yib ta’riflaydi, uni, real hayotdagi komil inson, deb biladi.
Navoiy hayotga munosabatda ham tasavvuf ta’limotidan kelib chiqadi. Chin so‘fiyning axloqini namuna qilib ko‘rsatadi. Odamlar undan ibrat olishi kerak. Insoniy nuqson va kamchiliklar kishilarni Ilohdan va odamiylikdan uzoqlashtiradi. Kishi qancha Allohga yaqin bo‘lsa, u shuncha insoniydir, shuncha buyukdir.
Bu g‘oyalar bugun uchun o‘ta ahamiyatli hisoblanadi.
Muslihiddin MUHIDDINOV,
filologiya fanlari doktori, SamDU professori.
***
Bugun ushbu maqola muallifi, navoiyshunos olim Muslihiddin Muhiddinovning tug‘ilgan kuni.
Muslihiddin domla 1945 yil 5 mayda Urgut tumanida tug‘ilgan.
Samarqand davlat pedagogika instituti, Samarqand davlat universitetida o‘qituvchilikdan birinchi prorektorlikkacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan.
Ustozning «Talqinlarda olamcha ma’no», «Ikki olam yog‘dusi», «Adabiy an’ana va ijodiy o‘ziga xoslik», «Alisher Navoiy ijodida ma’naviy pok inson talqini», «Komil inson - adabiyot ideali», «Nurli qalblar gulshani», “Ko‘ngil hayratlari” kabi kitoblari nashr etilgan.
M.Muhiddinov «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.