Hech bo‘lmasa, bolalarga o‘rgataylik: Ularga yo‘l belgilarining mazmuni, piyodalarning majburiyatlarini tushuntirganmisiz?

Yaqinda Samarqand tumani usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi jamoatchilikni junbushga keltirdi. Bosh “qahramon” yana tezlikni me’yoridan oshirib harakatlangan haydovchi. Ammo bu gal uning yo‘lidan katta yoshli, suyagi qotgan odam emas, 7 yashar bolakay chiqib qoldi. Oqibati esa sizga ayon.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning besh oyida viloyatimizda bolalar ishtirokida 43 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Unda 38 nafar bola turli darajadagi tan jarohatlarini olgan bo‘lsa, 5 nafari halok bo‘lgan. Tahlillar bu hodisalarga asosan ota-onalarning farzandlarini e’tiborsiz qoldirishi, yo‘lning belgilanmagan joyidan, tartibsiz kesib o‘tishi va haydovchilarning aholi yashash joylarida tezlikni belgilanganidan oshirib harakatlanishi sabab bo‘lganligini ko‘rsatmoqda.

Albatta, insonning o‘limiga olib kelgan har bir holatda haydovchining aybi bor, kimdir tezlikni oshirgan, boshqasi hushyorlikni yo‘qotgan. Buning oldini olish, xususan, haydovchining mas’uliyatini oshirish uchun qilinmagan yana qanday amal qoldiki, uni bersagu, vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarsa? Haydovchilik guvohnomasini berish jarayonida nazorat kuchaytirildi, jarimalar miqdori ortdi, har qadamda kamera, yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarini ko‘rishingiz mumkin. Shunga qaramay ko‘chada poyga uyushtirgichlar, qoidalarni buzishni obro‘ deb bilgichlar, oxir-oqibat odamlarning umriga zomin bo‘lgichlar hamon uchramoqda. Afsuski, bu jaholatning qurbonlari orasida bolalar ham oz emas.

Endi tanganing ikkinchi tomoniga qaraylik. Haydovchilarni tarbiyalay olmayotgan ekanmiz, hech bo‘lmasa, bolalarni yo‘ldagi bu xavflarga tayyorlayapmizmi? Bolalar qanday foydalanishni bilmasa, yo‘l belgilari, svetoforu  piyodalar o‘tish yo‘laklaridan nima naf? Yuqorida keltirilgan holat va shunga o‘xshash boshqa yo‘l-transport hodisalarining videosini ko‘rib, balki shu bolalar ko‘chani belgilangan joydan kesib o‘tganda yoinki o‘tishdan oldin aqalli ikki yoniga qarab qo‘yganida, bugun hayot bo‘larmidi, deb o‘ylab qoladi kishi. Bola bolada, xato qiladi, e’tiborsiz bo‘ladi, deb o‘zimizni aldaylik. Bugun ular darvoza xatlab ko‘chaga chiqdimi, turli xavflar qurshovida qoladi va biz ularni bunga tayyorlashimiz shart.

O‘zingizga savol bering, necha marotaba farzandingizga amaliy tarzda ko‘chani tartibli kesib o‘tishni o‘rgatdingiz, ularga yo‘l belgilarining mazmuni, piyodalarning majburiyatlarini tushuntirganmisiz? Aslida ko‘p hollarda o‘zimiz noto‘g‘ri namuna ko‘rsatmayapmizmi? Haydovchi yo‘l qoidalarini buzib, piyoda esa yo‘lni belgilanmagan joyidan kesib o‘ta turib, farzandiga bu noto‘g‘ri ekanligini tushuntira olishi mumkindek go‘yo. Agar biz namuna bo‘lmasak, tartibni amalda bajarib o‘rgatmasak, bolalarga bog‘chayu maktabda berilayotgan ma’lumotlarning foydasi kam. Mulohaza yuritib ko‘ring.

Asqar Barotov.