Hech kim mehr, e’tibor, e’zozdan chetda emas
Viloyat musiqali drama teatrida 3 dekabr - Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan xayriya marafonining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev, Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Xurshid Oripov va boshqalar ishtirok etib, yurtimizda, xususan, viloyatimizda nogironligi bor fuqarolarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida to‘xtaldi. Barcha uchun teng imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishi sifatida belgilangani, bu borada katta vazifalar qilinayotgani ta’kidlandi.
Tadbir doirasida ishtirokchilarga konsert dasturi namoyish qilindi.
Imkoniyati cheklangan fuqarolarga xayriya tariqasida 10 ta aravacha, 5 ta hassa hamda eshitish moslamalari berildi.
- Ijtimoiy xodim, mahalla faollari holimizdan xabar olib turibdi, - deydi Samarqand shahri Yuksalish mahallasida istiqomat qiluvchi O‘tkir Qudratov. - Yaqinda aravacha berishdi. Yordam pulini ham olyapman.
Tadbir doirasida ishtirokchilarni Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohatini tashkil etish rejalashtirilgan.
Viloyat hokimligi tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar doirasida joylarda ham hafta davomida qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Xususan, bugun «Muruvvat» va «Saxovat» internat uylari, xonadonlarga borilib, alohida e’tiborga muhtojlar holidan xabar olinadi, barcha nogironligi borlarga maxsus ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi.