Hibsga olinganlar ayovsiz tahqirlanardi...

1937-1938 yillarda amalga oshirilgan va tarixga “katta qirg‘in” nomi bilan kirgan, qatag‘on domiga tushgan kishilarga oid hujjatlar bilan tanishar ekanman, bir narsa e’tiborimni tortdi. “Xalq dushmani”, “aksilinqilobiy guruh a’zosi”, “zararkunandachilik bilan shug‘ullangan”, degan ayblar bilan NKVD tomonidan hibsga olingan kishilar 15-20 kun davomidagi so‘roqlarda o‘ziga qo‘yilgan ayblarni butunlay inkor qiladilaru, lekin ma’lum muddatdan so‘ng ularni “tan” ola boshlaydilar. Qatag‘onga uchragan o‘nlab, yuzlab kishilarning “jinoiy ishlari” bitilgan arxiv hujjatlarini varaqlash jarayonida buning sababini anglab yetdim. Ularning barchasi NKVD jallodlari tomonidan og‘ir jismoniy qiynoqlarga duchor etilgan. Quyida qisman keltirilayotgan tergov bayonnomasidan parchani va bu kulfatlarni boshidan kechirgan ayrim kishilarning ko‘rsatmalarini o‘qir ekansiz, bunga o‘zingiz ham ishonch qilasiz.

Boybekov Hamid Sodiqovich, 1899 yilda Moskva viloyati Kremishin tumanining Azeyevo qishlog‘ida tug‘ilgan. Ma’lumoti quyi, VKP(b) a’zoligiga nomzod, NKVDning Samarqand viloyati boshqarmasi tezkor vakili vazifasida ishlagan. Samaqand shahar K.Marks ko‘chasi, 43-uyda yashagan. 1939 yil 18 aprelda guvoh sifatida so‘roq qilingan. So‘roqni O‘zSSR NKVDsi kotibiyati boshlig‘i, davlat xavfsizligi leytenanti Martinenko o‘tkazgan.

Savol: Siz 1937-1939 yillarda NKVDning Samarqand viloyati boshqarmasida kim bo‘lib ishlagansiz?

Javob: 1938 yil aprel oyigacha men Samaqand shahar 4-militsiya bo‘limining boshlig‘i vazifasida ishlaganman. 1938 yil aprel oyidan Davlat xavfsizligi viloyat boshqarmasiga o‘tkazildim va ushbu boshqarmaning tezkor vakili etib tayinlandim.

Savol: Davlat xavfsizligi Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan ommaviy operatsiya (tadbir)larda ishtirok etganmisiz?

Javob: 1938 yildan tezkor guruh a’zosi sifatida ommaviy operatsiyalarda qatnashganman. Bu ishga NKVD viloyat boshqarmasining sobiq boshlig‘i, davlat xavfsizligi kapitani Kalmikov tomonidan tayinlanganman.

Savol: Tezkor guruh tomonidan ommaviy hibsga olishlar qanday hujjatlar (materiallar) asosida amalga oshirilgan?

Javob: Hibsga olinganlar aybi qanday aniqlangan va ular nima asosida qamalganlari menga noma’lum. Bu ishlar NKVD viloyat boshqarmasi, uning tuman bo‘limlari, tezkor guruh rahbarlari ko‘rsatmasi bilan bajarilardi. Shu tufayli ularning ayblari bilan qiziqmaganman. Shaxsan o‘zim bir guruh shaxslarni hibsga olish operatsiyasini amalga oshirganman. Ular “26 Baku komissarlari” nomli Samarqand shoyi to‘qish fabrikasida ishlashardi.

Voqea shunday bo‘lgan edi: 1938 yil o‘rtalarida meni NKVD viloyat boshqarmasi boshlig‘i Kalmikov chaqirib, 41 kishining ism-sharifi yozilgan ro‘yxatni berdi va qarshisiga alohida belgi qo‘yilgan kishilarni zudlik bilan qamoqqa olishni buyurdi. Barchasi ushbu fabrika ishchi-xizmatchilari edi. Ana shu ro‘yxatdagi 41 ta familiyadan 29 tasiga belgi qo‘yilgandi. Ular nimada ayblangandi? Masalan:

  1. Sharipov G‘ulomhaydar – millati eroni, katta akasi 1935 yildan buyon Eronda yashaydi.

  2. Zokirov Iso – millati eroni, otasi eshak savdogari bo‘lgan.

  3. Ibrohimov Sobir – millati eroni, 1927 yilda otasi otlarni olib-sotish bilan shug‘ullangan.

  4. Hasanov Olim – millati eroni, quloqning o‘g‘li, otasining hunarmandchilik ustaxonasi bo‘lgan. Hozirgi paytda otasi Eronda.

Ularning jinoyatini fosh etuvchi biror-bir hujjatning o‘zi yo‘q edi. Lekin qarshisiga belgi qo‘yilgan familiyadagi kishilarning barchasi hibsga olindi. Hatto korxona tomonidan bu shaxslar haqida berilgan ma’lumotnoma ham tekshirib ko‘rilmadi. Men ana shu ma’lumotlar asosida taqdimnomalar tayyorladim va ularni tergov olib borish uchun tezkor vakillar ixtiyoriga topshirdim.

Savol: Shu yo‘sinda qancha kishi hibsga olingan?

Javob: NKVDning viloyat boshqarmasi tomonidan jami qancha kishi hibsga olinganligini aniq bilmayman. Lekin shaxsan men tomonimdan Kalmikovning buyrug‘i bilan 29 kishi qamoqqa olingan edi.

Savol: Siz yuqorida nomlarini keltirganlarning birortasini ham maxsus toifadagi kishilar (ya’ni, aksilinqilobiy faoliyatda ayblanib qamoqqa olinuvchilar) qatoriga qo‘shib bo‘lmaydi. Ular nima asosida qamalgan?

Javob: NKVDning viloyat boshqarmasida ishlay boshlagan birinchi kunlarimdanoq barcha xodimlar oldiga Kalmikov tomonidan bir vazifa – qanday qilib bo‘lsa-da, ko‘proq kishini javobgarlikka tortish masalasi qo‘yilgan edi. Bunda ularning aybsiz yoki aybdorligi emas, ko‘proq qaysi millatga mansubligi yoki o‘zga mamlakatdan chiqqanligi e’tiborga olinardi. Masalan, eroni, afg‘on yoki SSSRda yashamaydigan o‘zga millat vakili ekanligi va hokazo. Raqamlar va ko‘rsatkichlar ortidan quvish shu darajaga yetdiki, hatto Kalmikov bu borada boshqarma bo‘linmalari va NKVDning tuman bo‘limlari o‘rtasida o‘ziga xos musobaqa ham uyushtirdi. U har bir yig‘ilishda kelgusi haftada qaysi bo‘lim qancha kishini hibsga olishi lozimligi to‘g‘risida aniq raqamlar ko‘rsatilgan topshiriqlar berardi. Uning topshirig‘ini bajarmaganlar yig‘ilishlarda keskin tanqid qilinar va hatto ularning ustidan masxaralab kulish darajasiga borilar edi. Xodimlarga qarata “agar aksilinqilobchilar bilan kurashishni istamasangiz ariza bering, men sizlarga boshqa joy topib beraman”, deb tez-tez takrorlardi. Ana shunday “musobaqalar” tashkil etilgandan so‘ng ahvol shu darajaga bordiki, NKVD viloyat boshqarmasi 4-bo‘limi rahbari Vasilev va 3-bo‘lim rahbari o‘rinbosari Komochkov bir-birining xonasidan odamlar ustidan to‘plangan materiallarni (hujjatlarni) o‘g‘irlashgan. Ba’zan 4-bo‘lim allaqachon hibsga olgan shaxslar uchun 3-bo‘lim yana order yozgan hollar ham uchrab turardi. Ana shu order bo‘yicha odamlarni qamoqqa olishni ko‘zlab, 3-bo‘lim xodimlari biror-bir qishloqqa borishsa, ularni 4-bo‘lim 5-6 kun avval olib ketgani ma’lum bo‘lib qolardi.

1938 yil aprel oyi boshida o‘tkazgan yig‘ilishida Kalmikov har bir tuman bo‘limi rahbariga qancha kishini qamashi lozimligi to‘g‘risida aniq raqamlarni ko‘rsatib topshiriq berdi. NKVDning Past Darg‘om bo‘limi boshlig‘i Rahimovga 50 nafar koreys millatiga mansub odamlarni hibsga olishni topshirdi. Bulung‘ur tumani bo‘limi boshlig‘i Demishevga ham 50 nafar kishini qamashi kerakligi haqida aytishganida u “savdolashib” bu raqamni 20 taga tushirishga muvaffaq bo‘ldi. Bunday yig‘ilishlarda NKVDning viloyat boshqarmasi boshlig‘i Kalmikov Samarqanddagi ko‘rsatkichlarni boshqa viloyatlarda qancha odam “aksilinqilobiy faoliyat”ga ayblanib qamalganligi haqidagi ko‘rsatkichlar bilan taqqoslar va boshqalardan orqada qolmaslikka chaqirardi. U har gal, qayerda ishlamasin bu borada birinchilardan bo‘lganligini va Samarqandda ham birinchi bo‘lib qolajagini takrorlashni yoqtirardi.

Savol: Siz hibsga olinganlar bo‘yicha tergov olib borganmisiz?

Javob: Men shaxsan faqat ikkita ish bo‘yicha tergov olib borganman. Boshqa vaqtlar tergov ishlarini ko‘rib chiqish va ayrim topshiriqlarni bajarish bilan shug‘ullanganman.

Savol: Hibsga olinganlarga nisbatan jismoniy ta’sir choralari qo‘llanilganmi?

Javob: Ha, qo‘llanilgan.

Savol: Aytingchi, bu ish qanday tashkil qilinardi?

Javob: 1938 yilning bahor oylarida Kalmikov meni o‘z xonasiga chaqirdi va mahbuslarni tergov qilish jarayonida ularga nisbatan jismoniy tazyiq o‘tkazish haqida ko‘rsatma borligini aytib, bir o‘zi bu ishning uddasidan chiqolmasligini, shu sababli meni o‘ziga yordamchi qilib olishligini bildirdi. Men avvaliga uning taklifiga e’tiroz bildirdim. Lekin Kalmikov, partiya shuni talab qilayapti, deganidan so‘ng ko‘nishga majbur edim. Kalmikov menga jismoniy tazyiq, kuch ishlatish faqat uning yoki u ruxsat bergan tezkor vakil tomonidan amalga oshirilishini tushuntirdi.

Kalmikovning buyrug‘iga ko‘ra kuch ishlatib, ya’ni jismoniy tazyiq o‘tkazib, so‘roqni amalga oshirish uchun maxsus xona jihozlandi. Bu yerga hibsga olinganlar olib kelinar va Kalmikov ularni urib-tepib, qaysidir davlat foydasiga josuslik qilinganini bo‘yniga qo‘yishi uchun butun choralarni qo‘llardi. Mahbuslarni asosan Kalmikovning o‘zi urardi. Ular bo‘yniga qo‘yilayotgan aybni tan olavermagach, o‘ylab ko‘rishlari uchun ma’lum muddatga muzdek xonada yolg‘iz qoldirishardi. Shunda ham tan olmasa, uni urib-tepish, jismoniy azoblash yanada kuchliroq usullarda davom ettirilardi. Butunlay holdan toygan mahbus oxir-oqibat o‘ziga nima ayb qo‘yilganini tushunmasa ham tan olishga majbur bo‘lardi.

Savol: Mahbuslarga jismoniy azob beriladigan xona sizning tasarrufingizda bo‘lganmi?

Javob: Ha, Kalmikovning buyrug‘iga ko‘ra men bu kamera uchun mas’ul edim. Mahbuslarga jismoniy azob berib, urib-tepishganiga o‘zim guvoh bo‘lganman.

Savol: Qancha mahbus bunday qiynoqlarga duchor qilingan?

Javob: Mening taxminiy hisobimga ko‘ra, o‘z ko‘zim bilan ko‘rganim 50 ga yaqin kishi ana shu usulda qiynoqqa solingan. Aniq raqamni keltirolmayman, chunki bunday tergovlarning hisobi olib borilmagan.

Savol: Hibsdagilarning qaysi toifasiga bunday jismoniy qiynoq usullari qo‘llanilgan?

Javob: Kalmikovning menga aytishicha, ularning barchasi xalq, davlat dushmanlari deb hibsga olingan. Lekin ularning dushman bo‘lgan-bo‘lmaganligini men bilmayman. Chunki tergov materillari (hujjatlari) bilan tanishmaganman.

Savol: Qamoqqa olingan ayol mahbuslarga xam jismoniy azoblar qo‘llanilganmi?

Javob: Mening, tezkor vakillar Popaщyenko va Meretskiy ko‘z o‘ngimizda NKVD Samarqand viloyati boshqarmasi 3-bo‘limi boshlig‘i Smolnikov Kurilenko degan mahbus ayolni nihoyatda qattiq jismoniy jazoga duchor etdi. Holbuki, bu paytda “uchlik”ning bu ayolga o‘lim jazosi berish haqidagi qarori chiqqan edi.

Savol: Kurilenkoni kiyingan holda urishdimi?

Javob: Yo‘q, Smolnikov uning yelkasidan tortib past qismigacha yalong‘och qildi va badanining orqa tomoniga ura boshladi. Bunda u ayoldan o‘zini qiziqtirgan odamlarning aksilinqilobiy faoliyati va josusliklari haqida nimalarni bilishini hamda bu to‘g‘risida ko‘rsatma berishini talab qilardi. Kurilenko ana shunday azoblanishlardan keyin Smolnikov nima desa, tasdiqlashga majbur bo‘ldi.

Savol: Kurilenkoni urib, qiynashayotganida Kalmikov ham qatnashganmidi?

Javob: Esimda yo‘q.

Savol: Jismonan azoblashga duchor etilgan mahbuslardan qancha kishi keyinchalik ozod etilgan?

Javob: Bunday odamlardan faqat koreys Ten Andreyni bilaman. Boshqa hech kimni eslolmayman.

Savol: Jismoniy azoblash choralari qo‘llanilgan mahbuslar qanday sharoitda saqlanar edi?

Javob: Kalmikovning buyrug‘iga ko‘ra ular boshqa mahbuslardan ajratilib, 16,17,20-raqamli 3 ta kameralarda saqlanardi. Kalmikov menga bu xonalar ustidan qattiq nazorat o‘ranatishimni tayinlagandi. Shu sababli bu kameralarga mendan boshqa xodimning kirishi ta’qiqlanardi. Ularda saqlanayotgan maqbuslar faqat kechalari mening nazoratimda toza havoga olib chiqilar va ushbu hibsxonalarning kalitini o‘zim bilan olib yurardim. Bu yerdagi mahbuslarni ularning tanalaridagi tepki va boshqa qiynoqlardan qolgan izlar bitib ketgunicha ushlab turardik. Keyin umumiy kameralarga o‘tkazilardi.

Savol: Qalbaki tergov materiallarini tayyorlash va ular asosida sun’iy ravishda odamlar ustidan ish qo‘zg‘ash hollari ham bo‘lganmi?

Javob: Menga millati xitoy bo‘lgan Fu Bou Si ustidan shunday ish qo‘zg‘atilganligi ma’lum. Uni tergovchi Bapishev so‘roq qilgan. Bu ishda yana Van Tun Chun degan kishi guvoh sifatida o‘tgan. So‘roq dalolatnomasida guyo guvoh Van Tun Chun Fu Bou Si koreyslar o‘ratasida 1937 yilda aksilinqilobiy targ‘ibot olib borganligini eshitgani yozilgan. 1939 yil 22 fevralda o‘tkazilgan qayta tergov davomida Van Tun Chun o‘zining koreys ekanligini va xitoy tilini umuman bilmasligini aytdi. Fu Bou Si esa xitoy millatiga mansubligini va koreys tilidan mutlaqo bexabarligini ko‘rsatdi. Shu sababli Fu Bou Sining koreyslar o‘rtasida aksilinqilobiy targ‘ibot olib borishi umuman mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan gap edi. Van Tun Chun uni Bapishev haqiqatan ham 1938 yil 10 noyabrda so‘roq qilganligi va faqat Fu Bou Sini taniysanmi, deb savol berganligini aytdi. Boshqa hech qanday savol bo‘lmagan. Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, Bapishev bu jinoiy ishni boshdan-oyoq sun’iy ravishda paydo qilgan.

1939 yilda olib borilgan tergov ishlari bilan tanishar ekanman, ularning bir qismiga NKVD tomonidan yollangan xufyalarning o‘zlari guvoh sifatida jalb qilinganligini ko‘rdim. Bunday hollar Past Darg‘om, Kattaqo‘rg‘on, Samarqand tumanlari NKVD bo‘limlari faoliyatida ko‘plab uchragan (ya’ni, bu guvohlar tergovchi tomonidan ataylab, boshqalarga tuhmat qilish uchun tayyorlangan).

Savol: Boshqarma boshlig‘i Kalmikov sizning bunday holatlar haqidagi axborotlaringizga qanday munosabat bildirdi va shunga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan chora ko‘rildimi?

Javob: O‘zbekiston NKVDsi huzuridagi “uchlik”ning ayrim yasama tergov ishlari bo‘yicha e’tiroz bildirilgan qarorlari kela boshlagach, 1938 yil oktyabr oyi boshlarida meni xonasiga chaqirib, mahbuslar bilan qayta ishlash (ya’ni, jismoniy tazyiq o‘tkazish)ni davom ettiramiz, dedi. Shundan so‘ng Kalmikov har kuni soat 3-4 larda oliy jazoga hukm qilinganlardan birini olib keltirtirib, ulardan o‘zlari o‘tirgan kameralarda kimlar aksilinqilobiy targ‘ibot olib borayotganligi haqida axborot berishni talab qilardi. Agar mahbus uning talabiga ko‘nmasa, maxsus  tayyorlangan xonalardan biriga olib borib, ayovsiz kaltaklanardi. Ular oliy jazoga hukm qilingan bu mahbuslardan o‘zlarini qiziqtirgan kishilar ustidan ma’lumot berishni talab qilishardi. 3-bo‘lim boshlig‘i Smolnikov ham undan qolishmasdi. Qo‘lidagi hujjatlar hibsga olingan kishilarning bo‘yniga turli ayblarni qo‘yish uchun yetarli emasligini bilsa, qiynash usulini qo‘llardi. Masalan, 1938 yilning oktyabr oyida o‘lim jasosi berilgan mahbuslardan Ervold, Stegenyak va boshqalar, jami 10 kishini shaxsan Kalmikovning o‘zi qiynaganini ko‘rganman. Smolnikov ham bu ishda qatnashardi.

Smolnikov bir gal o‘lim jazosiga hukm qilingan Korjinevskiyni qiynar ekan, undan Razvalyayev degan shaxs haqida, bu odamning kamerada qanday aksilinqilobiy targ‘ibot olib borgani to‘g‘risida ko‘rsatma berishni talab qildi. Karjinevskiyni bunga majburladi ham. Keyinchalik uning ishi bilan tanishganimda, bu odamning “zararkunandachilik faoliyati” haqida Korjinevskiydan qiynab olingan ma’lumotdan boshqa hech narsa yo‘qligini ko‘rdim.

Savol: Kurilenko, Ervald va boshqalarning Kalmikov va Smolnikov tomonidan qiynoqqa solinayotgan paytida ular allaqachon o‘lim jazosiga hukm qilingaligini qayerdan bilardingiz?

Javob: Men Kalmikovning stoli ustida “uchlik” tomonidan ularning otuvga hukm qilingani haqidagi qarorni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Kalmikov ularni ana shu ro‘yxat bo‘yicha chaqirtirar va hukm ijro etilishidan oldin qiynoqqa solib, o‘ziga kerakli ma’lumotlarni yozdirib olardi. Bu qiynoqlardan keyin ertasi kuni ular otib tashlanardi.

Savol: Mahbuslarni so‘roq qilish uchun muzlatilgan alohida xonalar bo‘lganmi?

Javob: Umuman isitilmaydigan sovuq xonada bir koreys qish paytida yolg‘iz ko‘ylakda so‘roq qilinayotganini ko‘rganman. Uning kiyimlari yerda yotardi. Bundan tashqari, 8 va 9-kameralarda so‘roq qilinayotgan o‘zbeklar ham faqat ko‘ylakda turishardi. Aprel, may oyida Kalmikov va Smirnovning buyrug‘i bilan jismoniy qiynoqqa solinayotgan mahbuslarni sovuq xonalarda yolg‘iz ko‘ylak yoki gimnastyorkada qoldirib azoblashardi. Masalan, mahbus Koshir va boshqalar shunday xonada 5-6 kunlab saqlandi.

Savol: Tergovga yana nimalar haqida aytmoqchisiz?

Javob: Boshqarmada o‘tkazilgan yig‘ilishda 3-bo‘lim boshlig‘i Smolnikov o‘lim jazosiga hukm qilinganlarga nisbatan jismoniy azob choralarini qo‘llaganligini butunlay rad etdi. Holbuki, bunday ishlarga bosh-qosh rahbarlardan biri uning o‘zi edi. Ana shunday ishlarni bajarish uchun xodimlarni o‘zi tayinlar, ularni azoblashda shaxsan ishtirok etar, keyin mahbusni tergovchi qo‘liga topshirib, qanday savollarga javob olish lozimligini uqtirardi. Smolnikov mening ko‘z o‘ngimda Luiza Kurilenko, Demchuk, Korjenevskiy va boshqa qator millati o‘zbek, eroni, tojik, tatar bo‘lgan mahbuslarni ayovsiz do‘pposlagan.

1937-1938 yillar qatag‘onida NKVD hibsxonalaridagi jismoniy azoblashlar, tahqirlashlarni, qamoqxonadagi xo‘rliklarni boshdan kechirib, omon qolgan ayrim kishilarning 1956-1959 yillarda ularning “jinoiy ishi” bo‘yicha o‘tkazilgan qayta tergovda bergan ko‘rsatmalaridan:

Shaymanov Turum – Mitan tumani kommunal xo‘jaligining boshlig‘i bo‘lib ishlagan. 1938 yil may oyida “aksilinqilobiy guruh a’zosi”, degan ayb bilan NKVDning tuman bo‘limi boshlig‘i Fedyayev tomonidan hibsga olingan. O‘sha yilning dekabr oyida Samarqand viloyati sudi tomonidan 25 yil qamoq jazosiga hukm qilingan. Uning 1959 yil 27 fevralda KGB mayori Bobilyov tomonidan qayta tergov qilingan paytda bergan javoblaridan:

  • NKVD xodimlari mening “aksilinqilobiy guruh a’zosi” ekanligimni bo‘ynimga qo‘yish uchun qo‘lidagi barcha imkoniyatlarni ishga solishdi. Ular meni bir necha kecha-kunduz tik oyoqqa qo‘yib so‘roq qilishar, urib-tepishar edi. Bir tergovchi charchasa, ikkinchisi kelib uni almashtirardi. Ana shunday azoblardan butunlay holdan toyib, ularning tazyiqi ostida nimalarga qo‘l qo‘ydirishganini eslolmayman ham. Jazoni o‘tash uchun Rossiyaning Perm viloyatidagi konslagerga jo‘natishdi. Men bilan birga hibsga olingan hamyurtim Bekmurod Normurodov bunday azoblarni ko‘tarolmay o‘sha yerlarda vafot etdi...

Rahima Islomova – 1938 yilda, 21 yoshida Mitan tumani komsomol qo‘mitasining I kotibi bo‘lib ishlagan. Aksilinqilobiy faoliyatda ayblanib, o‘sha yili NKVD tomonidan hibsga olingan. “Uchlik” tomonidan 8 yil qamoq jazosi berilgan.

  • NKVDning Sodiqov degan tergovchisi meni haqoratlab urar, O‘zbekiston komsomolining I kotibi Ortiqovga nisbatan yolg‘on ko‘rsatma berishimni talab qilardi. Holbuki, bu odamni bir marta – tuman komsomolining  I kotibligiga tasdiqdan o‘tish uchun Toshkentga borganimda ko‘rganman, xolos. Besh kecha-kunduz Sodiqov va boshqalar navbati bilan so‘roq qilishda davom etdi. Oqibatda holdan toyib yiqildim va tergovchi menga allaqanday qog‘ozlarga qo‘l qo‘ydirdi. O‘sha paytlar rus tilini yaxshi bilmaganim uchun u yerda nima yozilganligini tushunmasdim.

Ro‘ziqul Yusupov – 1917 yilgacha Samarqandda boshlang‘ich ma’lumot olgan. Rus-tuzem maktabini, gimnaziyani bitirgan. Inqilobdan keyin Samarqandda turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan. 1937 yilda “Milliy Ittihod” tashkiloti a’zosi bo‘lganlikda ayblanib, O‘zSSR NKVDsi tomonidan hibsga olingan. 10 yilga konslagerga hukm qilingan. U SSSR NKVDsi rahbari nomiga yozgan shikoyatida quyidagilarni ma’lum qiladi:

  • Meni o‘n bir kun davomida tergovchi Ismoilov va boshqalar eng og‘ir qiynoq usullarini qo‘llab so‘roq qilishdi. Hushimdan ketganimda to‘piqqacha keladigan suv bosgan xonaga tashlashardi. Bunday dahshatli usullar bir narsaga – odamlarning irodasini sindirishga, qilmagan ishini qildim, deb tan olishga majburlashga qaratilgandi.

Yuqorida yozilganlarni o‘qib, o‘tgan asrning 30-yillaridagi qatag‘on so‘roni qanchadan-qancha begunoh odamlarning umriga zomin bo‘lganligi, ular og‘ir qiynoqlar ostida qilmagan ishini “qildim” deb bo‘yniga olishga majburlanganligini ko‘rdingiz. Undan keyingi 1940-1950 yillarda ham bunday usulni qo‘llash davom ettirildi. Hozircha taxmin qilinayotganidek, o‘zbekistonlik 130 ming kishi qatag‘on domiga tortilgan bo‘lsa, ularning aksariyati ana shunday qiynoqlar chig‘irig‘idan o‘tkazilgan edi.

Muzaffar MUQIMOV,

SamDU tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi viloyat muzeyi direktori.