Hindiston Ukrainaga yordam ortilgan Yaponiya samolyotini qabul qilishdan bosh tortgani aytilmoqda
Hindiston Yaponiya mudofaa kuchlarining Ukrainaga yordam olib ketayotgan samolyotini qabul qilishdan bosh tortdi, deb xabar bermoqda Kiodo agentligi.
Aprel oyi oxirida samolyot BMT qochqinlar komissiyasi orqali Ukrainaga qo‘shni – Polsha va Ruminiyaga gumanitar yordam yukini olib ketishi kerak edi. Bunda odatda tranzit punktlar sifatida Hindiston va Birlashgan Arab Amirliklaridan foydalaniladi.
Bu masala Dehli bilan kelishilgan, ammo 20 aprel kuni rad javobi olingan. Hindiston rasmiylari yetarlicha muvofiqlashtirish bo‘lmaganini bunga sabab sifatida ko‘rsatishdi. Bu masala bo‘yicha yakuniy qaror bugun, 21 aprel kuni qabul qilinadi.
Hindistonning rad etishi va rejalarga o‘zgartirishlar kiritish zarurati masalasi Yaponiya hukmron Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashida muhokama qilindi.
"Hindiston Rossiyaga yaqin. Ammo uning 180 darajaga burilish ehtimolini hisobga olishadimi?" - yig‘ilish ishtirokchilaridan birining so‘zlarini keltiradi agentlik.
Mart oyida Tokio Kiyevga mudofaa vositalari: o‘q o‘tkazmaydigan jilet, dubulg‘a, issiq kiyim, chodir, kamera, gigiyena vositalari, quruq oziq-ovqat va generatorlar ko‘rinishidagi yordamini topshirdi. Seshanba kuni Yaponiya mudofaa vaziri Nobuo Kisi Ukrainaga insonparvarlik yordami sifatida kuzatuv bespilotniklari, niqob va kimyoviy himoya kiyimlarini yuborish rejasini e’lon qildi.
«Dehli va Moskva "tabiiy ittifoqchilar" va ular barqaror aloqalarni saqlab turishini Qo‘shma Shtatlar biladi, ammo shu bilan birga Hindiston uchinchi davlat munosabatlari bilan "asosiy munosabatlar - Qo‘shma Shtatlar milliy manfaatlari»ga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymaydi», degan edi avvalroq Hindiston mudofaa vaziri Rajnat Singx.