Hindistonlik tadbirkor sudda yaroqsiz doriga ruxsat olish uchun mas’ul amaldorga 33 ming dollar berganini ma’lum qildi
«Dok-1 Maks» ishi bo‘yicha bo‘lib o‘tayotgan sud jarayonlarida ayblanuvchi xindistonlik tadbirkor yaroqsiz va hujjatlari shubhali «Kuraraks» dorisini O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari uchun mas’ul davlat tashkilotida ishlovchi amaldorga 33 ming dollar berganini tan oldi.
16 avgust kuni JIB Toshkent shahar sudida 65 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan «Dok-1 Maks» siropi va boshqa dorilar yuzasidan jinoyat ishini davom etgani haqida xabar tarqalgandi. «Gazeta.uz» xabar berishicha, «Quramax Medical» MChJ direktori R.S.P. (Hindiston fuqarosi) yana bir dorini O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazishga harakat qilgan.
Ma’lum qilinishicha, prokuror sudlanuvchidan mazkur masala yuzasidan 33 ming AQSh dollarini kimga va nima uchun berganini so‘ragan. Hindistonlik sudlanuvchi pullar qurilish ishlari hamda minnatdorchilik maqsadida J.E.ga berilgandi, deya javob bergan.
Ayblov xulosasiga muvofiq, «Marion Biotech» PVT. Ltd. korxonasi «Kuraraks 200», «Kuraraks 400» dori vositasini ham O‘zbekistonda sotishni rejalashtirgan. Shundan so‘ng davlat markaziga ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza taqdim etilgan. Lekin dorini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar «Dok-1 Maks» hujjatlari singari ishonchsiz, noto‘liq va notarial tasdiqlanmagan bo‘lgan.
«2022 yil 25 may kuni Sog‘liqni saqlash vazirligining Ekspertlar kengashida «Kuraraks 200», «Kuraraks 400» dori vositasi muhokama qilinib, ularni ishlab chiqarish sharoitlari shubha ostiga olingan va kengash a’zolari tomonidan Marion Biotech Pvt. Ltd. korxonasida inspeksion tekshiruv o‘tkazilishi belgilangan. Dori vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish masalasi esa tekshiruv natijasiga ko‘ra hal qilinishi haqida qaror qabul qilingan», — deyiladi tergov hujjatlarida.
Bu haqda kengash bayonnomasiga tegishli qaydlar kiritilib, keyinchalik majlisda ishtirok etmagan S.Q. tomonidan tasdiqlab berilgan. Shundan so‘ng davlat markazi tomonidan 2022 yil 26 may kuni «Zarur amaliyotlar markazi» DUKka Marion Biotech Pvt. Ltd. korxonasida inspeksion tekshiruv o‘tkazish haqida yozma topshiriq, korxonaning o‘ziga esa bu haqda yozma xabarnoma yuborilgan.
Hujjatlarga ko‘ra, iyul oyi boshlarida «Marion Biotech» Pvt. Ltd. korxonasida inspeksion tekshiruv o‘tkazish belgilanganidan xabar topgan korxonaning norasmiy rahbari J.S. boshqa bir hindistonlik J.S. «Quramax Medical» MChJ direktori R.S.P. va jamiyatning savdo direktori B.Q.lar bilan til biriktirib, korxonaning ishlab chiqarish sharoitlari belgilangan talablarga javob bermasligi, tekshiruv o‘tkazilgan taqdirda mazkur kamchiliklar yuzaga chiqib, korxonaning boshqa dori vositalarining ham O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilishi taqiqlanib, ularning importi to‘xtatilishi mumkinligini anglagan. Buning oldini olish maqsadida davlat markazi mas’ullari orasidan inspeksion tekshiruvni bekor qilish imkoni bo‘lgan xodimni topish bo‘yicha R.S.P. «Quramax Medical»ning ro‘yxatga olish bo‘yicha menejeri N.M.dan yordam so‘ragan. Shunda xodimi unga Davlat markazi ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limida bosh mutaxassis lavozimida ishlovchi kursdoshi J.E.ning telefon raqamini bergan.
«Hindistonlik fuqaro jinoiy sheriklari J.S. va B.Q.lar bilan tuzilgan jinoiy rejasini amalga oshirish maqsadida J.E. bilan avvaliga telefon orqali bog‘lanib, keyinroq u bilan JIB Mirobod tuman sudi yaqinida joylashgan „B&B“ kafesida ko‘rishgan. Suhbat davomida R.S.P. korxonaga tayinlangan inspeksion tekshiruvni bekor qilishda amaliy yordam so‘rab, buning uchun moddiy manfaat va’da qilgan. Shunda J.E. uning taklifini rahbarlariga yetkazib, tez kunlarda ularning javobini ma’lum qilishini bildirgan. Shundan so‘ng, J.E. taklifni Davlat markazi ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i Sh. Sh.ga yetkazgan. U esa ushbu xizmati 45 ming dollar bo‘lishini ma’lum qilgan. Hindistonlik tadbirkor 45 ming ko‘pligi, ularga faqat 33 ming dollar bera olishini bildirgan. J.E. o‘z navbatida Sh. Sh.dan ruxsat olib, pullarni qo‘lga kiritgan», — deyiladi tergov hujjatlarida.