Hiqichoq xavfli kasallik alomati bo‘lishi mumkin

Tez-tez hiqichoq bo‘lishi saraton kasalligidan darak berishi mumkin. Bu haqda britaniyalik shifokorlar ma’lumotlariga asoslanib Yexpress yozadi.

Hiqichoq, odatda, juda tez va ko‘p ovqatlanish yoki spirtli ichimliklar ichish oqibatida paydo bo‘ladi. Biroq, ba’zi hollarda, bu qizilo‘ngach saratoni alomati bo‘lishi mumkin.

"Agar oshqozon yaxshi ishlamasa va uning sababsiz shishib ketayotganini sezsangiz, bu saraton belgilari bo‘lishi mumkin", deydi doktor Husayn Abdeh nashrda.

Bir necha soat davom etadigan hiqichoq xuruji shoshilinch tibbiy yordam talab qiladi, deya ogohlantiradi mutaxassis.

Qizilo‘ngach saratoni - qizilo‘ngach shilliq qavatida hosil bo‘luvchi o‘simtadir. Ushbu kasallikning asosiy belgilari - avval qattiq, keyinroq - suyuq ovqatni yutish qiyinlashishi va tana vaznining tushishi.

Doimiy ravishda issiq, yog‘li, qattiq ovqatni iste’mol qilish, yaxshi chaynamasdan yutish, spirtli ichimliklar iste’mol qilish, chekish, qizilo‘ngachning termik va kimyoviy kuyishi qizilo‘ngach saratoniga olib kelishi mumkin bo‘lgan asosiy omillardir.

Ovqatdan keyin ko‘ngil aynishi va qusish, qizilo‘ngach pastki qismida tiqilish sezish va ovqat hazm bo‘lmasligi oshqozon saratonining dastlabki belgilaridir, deydi olimlar.

G.Xoldorova tayyorladi.