«Hizb ut-Tahrir» a’zosi ozodlikdan mahrum etildi

Joriy yilning fevral oyida xorij davlatlari huquqni muhofaza qilish idoralari bilan amalga oshirilgan tezkor tadbirlar natijasida Past Darg‘om tumanida istiqomat qilgan, faoliyati taqiqlangan «Hizb ut-Tahrir» diniy-ekstremistik tashkiloti a’zosi Past Darg‘om tumani, Qorabo‘yin qishlog‘ida yashagan Abdullayev Obid Usmonovichning jinoiy faoliyatiga chek qo‘yilgan edi.

Tergov jarayonida ma’lum bo‘lishicha, O.Abdullayev Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida ishlashi davomida Internetning “Facebook” va «Odnoklassniki» ijtimoiy tarmoqlarida «Hizb ut-Tahrir»ning audio-video materiallarini tarqatib kelgan. Shuningdek, u oila a’zolari, xususan, farzandlariga «Hizb ut-Taxrir»ning «Islom nizomi» kitobi va «Al-Va’y» nomli jurnalidan ekstremistik g‘oyalarni singdirib kelgan.

O.Abdullayevning jinoiy harakatlari «Hizb ut-Tahrir»ning faol yollovchilari hisoblangan, ayni paytda xalqaro qidiruvda bo‘lgan quyidagi shaxslar tomonidan boshqarilgan.

Ular: «Mahmud Abdulmo‘min» taxallusli 1980 yilda Qirg‘iziston Respublikasida tug‘ilgan, Xoldarov Maxmudjon Abdumalikovich va «Ustoz Said aka» taxallusli 1964 yilda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida tug‘ilgan Mamarizayev Muxamad Homidovich.

Joriy yilning iyul oyida O.Abdullayevning jinoiy qilmishlari Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, u 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi.