HOKIM BOBO, MINGGA KIRING!

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimovning telegram messenjeriga ikkinchi bor murojaat qilgan Nuriya Hasanovaning bu galgi dil so‘zlari shunday boshlandi.

Ezgu ishlaringiz insonlar qalbida mangu yashasin, dunyo turguncha turing. Oilangiz tinch-omon bo‘lsin, bemorlar va mushtipar onalar tilagi ijobat bo‘lsin, ilohim, deb yozadi N.Hasanova.

Gap shundaki, bu ayol yaqinda viloyat hokimiga telegram orqali murojaat qilib, xastalikka chalingan farzandini davolatish uchun ming bir istihola bilan yordam so‘ragan: “O‘g‘limga buyragimni berishga tayyorman, lekin bu to‘g‘ri kelmasa, donor topishim uchun uyimni sotishga majbur bo‘laman. Chunki o‘n yildan buyon uni davolatish uchun bor budimizni tikdik. Hozir ancha muncha qarzimiz ham bor. Birovdan bir narsa so‘ramagandim shu paytgacha. Ammo bugun bolam uchun so‘rashga majburman”.

Ushbu murojaat o‘rganib chiqilgach, homiylar jalb etilgan holda N.Hasanovaga farzandini davolatish uchun zarur mablag‘ berildi.