Hokim mahalla raisini lavozimidan ozod qilish vakolatiga egami?

“Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda, tegishli fuqarolar yig‘inlarida yangi saylov o‘tkazilishi ko‘rsatilgan.

Biroq fuqarolar yig‘ini raislari (oqsoqolari) o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilish bo‘yicha yozgan arizalariga asosan egallab turgan lavozimidan ozod etilgan hollarda ham bo‘shab qolgan o‘rinlarga saylov tartibi belgilanmagan, umumiy tartibda o‘tkazish esa murakkab hisoblanadi. Negaki, umumiy tartib bo‘yicha bo‘shab qolgan mahalla fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini o‘tkazish uchun uzoq vaqt talab etiladigan quyidagi murakkab bosqichlardan o‘tish kerak.

Saylovni o‘tkazish muddatlari Oliy Majlis Senati Kengashi tomonidan belgilanadi. So‘ng Senat Kengashi tomonidan fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiyasi, o‘z navbatida, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashining qarori bilan tegishli hudud komissiyalari tuziladi. Shu asosda fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) qarori bilan ishchi guruh tashkil qilinadi.

Bundan tashqari, qonunchilikda bo‘shab qolgan o‘ringa yangi saylangan fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli)ning vakolat muddatiga aniqlik kiritilmagan. Masalan, yangi saylangan fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) vakolat muddati saylangan sanadan boshlab 5 yil muddatga bo‘lishi yoki umumiy tartibda saylanganlar bilan bir xil muddatda vakolati tugashi belgilanmagan.

Shahar va tuman hokimliklari hamda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, Qo‘shrabot, Bulung‘ur va Samarqand tumanlarida 1 tadan, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida 2 tadan, Paxtachi tumanida 3 ta, Kattaqo‘rg‘on tumanida 4 ta, Past Darg‘om tumanida 5 ta mahalla fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) o‘rinlari bo‘shab qolgan va saylovlar o‘tkazilmagan.

“Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonunga asosan fuqarolar yig‘ini har chorakda kamida bir marta fuqarolar yig‘ini raisining (oqsoqolining) hisobotlarini eshitishi hamda uning natijalari bo‘yicha qaror qabul qilishi nazarda tutilgan. Fuqarolar yig‘ini raisining (oqsoqolining) faoliyati qoniqarsiz deb topilsa, rais (oqsoqol)ning vakolatlari muddatidan oldin tugatilishi mumkin.

Biroq qonun hujjatlarida fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilganda uning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish tartibi belgilanmagan. Shu bois, amaliyotda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilganda tegishli mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshliqlarining buyruqlari asosida fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) vakolatlari muddatidan ilgari tugatilmoqda.

Vaholanki, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonunda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi va qonun hujjatlari bilan berilgan o‘z vakolatlarini tegishli hudud doirasida amalga oshirishi ko‘rsatilgan.

To‘g‘ri, 2019 yil 1 iyundan boshlab fuqarolar yig‘inlari xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman (shahar) kengashlari raislarining birinchi o‘rinbosarlari tomonidan amalga oshirilishi tartibi o‘rnatilgan. Demak, Prezidentimizning 2019 yil 2 apreldagi “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ham bekor qilinishi zarur.

Negaki, davlatimiz rahbarining joriy yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni shuni taqozo qiladi.

Farmonda belgilangan tartiblarga zid yana boshqa hujjatlar ham o‘z kuchida qolmoqda. Misol uchun, fuqarolar yig‘ini raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi fuqarolar yig‘ini mas’ul kotibi lavozimi o‘rniga bir nafardan, shuningdek, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish tartibini saqlagan holda joriy etilishi belgilangan.

Biroq fuqarolar yig‘ini mas’ul kotibi fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli)ning taqdimiga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini tomonidan tasdiqlanishi tartibi belgilangan Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 noyabrdagi “Fuqarolar yig‘inining mas’ul kotibi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori o‘z kuchini yo‘qotmagan.

Bir so‘z bilan aytganda, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati bilan bog‘liq qonun hujjatlarini xatlovdan o‘tkazib, bir-biriga zid normalarni optimallashtirish, mavjud bo‘shliqlarni to‘ldirish choralarini ko‘rish zarur.

Sardorbek MAJIDOV,

Samarqand viloyati adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi.