Hokim meni yo‘qladi...

Inson oldinda o‘zini nimalar kutayotganini bilmas ekan. Nogoh boshiga musibat tushsa, suyanch topolmasa, bundan og‘iri yo‘q. Bir yil avval «Seni shunday kulfat kutib turibdi», deyishsa ishonmasdim. Ammo bu hayot...
Yagona suyanchim, o‘g‘lim edi. Undan boshqa mehribonim yo‘q edi. Afsuski, bevaqt o‘lim uni mendan yulib oldi. Karaxt edim. Atrofda yuz berayotgan voqelikka ishonolmas, go‘yo tush ko‘ryapmanu uyg‘onsam, hammasi avvalgi holiga qaytadi.
Taqdirni o‘zgartirib bo‘lmas ekan. Shunday og‘ir damlarda mahalla-ko‘y yolg‘izlatib qo‘ymadi. Holimdan xabar olib turishdi. Jigarbandimning marakalarida bosh bo‘lishdi.
Kuz keldi.
O‘g‘lim hayotlik vaqti sezilmagan ekan. Kulbadek uyim issiq, kamchiliklarim yo‘qdek tuyulgan. Endi sovuq ham menga ikki hissa ozor berayotgandek. Birinchi yomg‘irdayoq hamma yerdan chakka o‘tib ketdi. O‘ylayman, avval ham uyim shunday g‘aribmidi?
Bir kuni mahalladoshlarim hokim meni yo‘qlab kelayotganini aytishdi. Tumanimiz rahbari H.To‘ychiyev boshimga tushgan musibatdan xabar topgach, ko‘nglimni ko‘tardi, taskin berdi. Ertasidan ish boshlandi. Hokimlik tomonidan zarur qurilish ashyolari ajratilibdi. Qishloqdoshlarim S.Kuliboyev, B.Siddiqov, O‘.Siddiqov, B.Ochilov, Sh.O‘rinov hashar boshida turib, yoshlarga ibrat ko‘rsatishdi. Uyimning tom qismini to‘liq yangilab berishdi.
Mana, qishning ikkinchi oyi ham o‘tib boryapti. Tashqarida qor. Shukurki, uyim issiq.
Ko‘nglimdan nimalar o‘tayotganini musibat vaqti odamlardan mehr ko‘rganlar yaxshi tushunadi.
Shu so‘zlarni qog‘ozga tushiryapmanu tilimda duo aylanadi: menga ko‘mak bergan insonlar boshiga farzand dog‘i tushmasin!
Uljon OChILOVA,
Jomboy tumani, So‘xmon mahallasi.