Hokim o‘rinbosariga Kengash so‘rovi yuboriladi

Xalq deputatlari viloyat Kengashi doimiy komissiyalari raislarining yig‘ilishida bir qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi.

Oliy Majlis Senati a’zosi, xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasi raisi F.Toshev olib borgan yig‘ilishda xalq deputatlari viloyat Kengashi faoliyatini namunali tashkil etish, shahar va tumanlar Kengashlari faoliyati samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Deputatlar dastlab o‘zlari ishtirok etgan shahar va tumanlar Kengashi sessiyalarining o‘tishi to‘g‘risida axborot berdilar.

Ta’kidlandiki, ayrim tumanlarda sessiyani tashkil etishga panja orasidan qaralmoqda: muhokamaga qo‘yilgan masalalar materiallari deputatlarga sessiya boshlanishida tarqatiladi, ma’ruzachilar yaxshi tayyorlanmaydi, deputatlik guruhlari, doimiy komissiyalar raislari muhokama chog‘ida munosabat bildirishmaydi. Qabul qilingan qarorlar bandlarida ijro muddati aniq ko‘rsatilmaydi.

Fikr-mulohazalar davomida ko‘zga tashlanayotgan muammolar yechimi yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yuborish masalasi o‘rtaga tashlandi. Xususan, agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Baxtiyor Abdullayev Samarqand shahridagi chiqindixonalarning kirish va chiqish joylariga dizenfeksiyalovchi to‘siqlar o‘rnatish zarurligini qayd etdi.

- Bu masala bugungi pandemiya sharoitida ayniqsa muhim ahamiyatga ega, - deydi B.Abdullayev. - Negaki, chiqindixonalarga kirib chiqayotgan avtomashinalar u yerdan loy va chang bilan birga turli viruslarni “olib chiqayotgan” bo‘lishi tabiiy. Butun dunyoga xavf solayotgan tojdor virus keng tarqalayotgan paytda avvalo, hamshaharlarimiz salomatligi uchun, shahar tashqarisidagi chiqindixonalarda dizenfeksiyalash tadbirlarini mutlaqo kechiktirib bo‘lmaydi.

Mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiya raisi Feruz Nasrullayev Samarqand shahrida amalga oshirilayotgan qurilishlar to‘g‘risida ham shunday fikr bildirish mumkinligini bildirdi.

- Muhokamalar davomida nafaqat Samarqand shahri, balki boshqa hududlarda ham qurilish-bunyodkorlik ishlarida nazorat yetarli emas, degan xulosaga kelindi va eksperiment sifatida parlament so‘rovi kabi Kengash so‘rovi amaliyoti qo‘llanadigan bo‘ldi, - deydi F.Toshev. – Shu sababli pandemiya sharoitida qurilish ob’yektlarida belgilangan tartibga rioya etilishi yuzasidan viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunukatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosariga so‘rov yuboriladi.

Shu kabi nazorat-tahlil ishlari ko‘lamini kengaytirib borishga kelishilgan yig‘ilishda galdagi masalalar, shahar va tumanlarda o‘tkaziladigan sessiyalarda xalq deputatlari viloyat Kengashidan saylangan deputatlarning ishtirokini ta’minlash, navbatdagi sessiyani jonli, samarali o‘tkazish yuzasidan fikrlashib olindi.