Hokimga murojaat qilgan yana bir onaxon koronavirusdan tuzaldi
Tahririyatimizga Samarqand shahrida yashovchi yetmish yoshli onaxon Gulsara Nazarova qo‘ng‘iroq qildi. Aytishicha, shu yil 28 iyul kuni tanasida qandaydir o‘zgarishlar sezilgan: avvaliga og‘zi qurib, ta’m sezmay qolgan, ishtahasi yo‘qolib, harorati ko‘tarilgan, keyin unga yo‘tal qo‘shilgan.
- Keyin bilsam, bu holat oilamizning barcha a’zosida, ammo ularda yengilroq kuzatilayotgan ekan, - deydi onaxon. - Shoshganimdan va xavotirlanganimdan viloyat hokimligiga murojaat qildim. Hokim E.Turdimov e’tibori tufayli darhol tez tibbiy mashinasi kelib, meni Kimyogarlar qo‘rg‘onidagi shifoxonaga olib borishdi.
O‘pkamning 75 foizi zararlangan ekan, shifokorlarning vaqtida ko‘rsatgan yordami tufayli 11 kunda sog‘aydim.
Tuzalib, oilam bag‘riga qaytdim. Bu orada shifokorlar oila a’zolarimni ham uy sharoitida davolashdi.
Fursatdan foydalanib, bu kasallikdan tuzalishimizda barcha sharoitlarni yaratib bergan hukumatimizga, tunu kun boshimizdan ketmagan, o‘z yaqinidek jon kuydirgan bosh vrach Muhammad Bo‘riyevga, shifokorlar Hamidulla Kulibayev va Orif Mutalibovga va shifoxona jamoasiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.