Hokimlarning 31 nafar o‘rinbosari javobgarlikka tortildi
Kecha, 28 mart kuni videokonferensiya tarzida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov rahbarligida tashqi savdo faoliyatining bugungi holati va uni rag‘batlantirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, mutasaddilar eksport faoliyatining bugungi holati bo‘yicha hisobot bergan. Yig‘ilishda tadbirkorlar va eksportchilar muammolarini hal qilishda ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning sustligi tufayli alohida rahbarlar faoliyati qattiq tanqid qilingan.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona, Xorazm viloyatlarining tuman va shaharlari hokimlarining 31 nafar o‘rinbosari, shuningdek, "O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi va "O‘zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi kabi tarmoq birlashmalari rahbarlari intizomiy javobgarlikka tortilgan.
Yuqorida qayd etilgan rahbarlarga eksportchilar bilan viloyat, tuman, shahar va mahallalar darajasida manzilli hamkorlikni faollashtirish vazifasi qo‘yilgan.
Eksportga yo‘naltirilgan korxonalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash, ularni ishlab chiqarish va eksport faoliyatida har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga korxonalarga biriktirilgan xodimlar tegishli idoralar rahbarlari bilan birga shaxsan javobgar ekanligi qayd etilgan.
Yig‘ilish yakunida vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlariga berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan qo‘shimcha manzilli topshiriqlar berilgan. Ularning o‘z vaqtida bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan amalga oshiriladi.