Hokimlik buzilgan mulk uchun kompensatsiya puli to‘laydi (mi)
Kattaqo‘rg‘onlik 2 nafar fuqaroning tumandagi Kadan shaharchasi chorrahasida joylashgan do‘konlari tuman hokimining qarori bilan buzib tashlanib, kompensatsiya puli to‘lab berilmagan.
Fuqaro S.A. hokimlikning mazkur xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, tuman adliya bo‘limiga murojaat qilgan.
Aniqlanishicha, Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi qarori talablari asosida Kattaqo‘rg‘on tumani hokimining 2019 yil 25 fevraldagi qarorining 3-bandida turar-joy binolarining o‘rnida zamonaviy loyihalar asosida ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi munosabati bilan buzilishga tushgan binolarni xatlovdan o‘tkazish, ularni baholatish hamda kompensatsiya to‘lovlarini amaldagi tartib asosida hal etish belgilangan. Biroq ishchi guruh tomonidan bu vazifalar bajarilmagan.
Kadastrlar palatasi tuman bo‘limi tomonidan taqdim etilgan xatda ham ushbu fuqaroning buzilgan do‘koni o‘rniga yer maydoni ajratilgani to‘g‘risida ma’lumot mavjud emasligi bayon etilgan. Ya’ni, fuqaroning huquqlari ochiq-oydin buzilgan. Agar u adliyaga murojaat qilmaganida qonuniy haq-huquqlari buzilganicha qolardi.
Xuddi shunday holat fuqaro G‘.H. bilan ham takrorlangan. Uning Kadan chorrahasida joylashgan savdo do‘koni buzilib, tegishli kompensatsiya puli qoplab berilmagan.
Fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab, fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudiga da’vo arizasi kiritildi. Sud ishni batafsil ko‘rib chiqib, arizani qanoatlantirish, fuqaro S.A. foydasiga 71 million 58 ming 593 so‘m, G‘.H. foydasiga 89 million 220 ming 315 so‘m kompensatsiya pullarini undirish haqida qaror qabul qildi.
Viloyat adliya boshqarmasi axborot xizmati.
***
P/S: Masala yechim topgandek ko‘ringani bilan endi MIBdan asosli javob kutamiz. Bungacha ham bir necha shu kabi xabarlarga tizimdan voqelikning keyingi rivoji haqida hech bir ma’lumot taqdim qilinmagan. O‘ylaymizki, ular bu safar jiddu-jahd bilan ishga kirishadi.