Hokimlik faoliyatida huquqiy kamchiliklar qayerdan paydo bo‘ladi?

Samarqand viloyat iqtisodiy sudi majlislar zalida tuman, shahar hokimliklari tomonidan sudlarga kiritilgan va kiritilayotgan da’vo arizalari, ularni ko‘rib chiqish tartib-tamoyillariga oid seminar bo‘lib o‘tdi.

Samarqand viloyati hokimligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan seminarda shahar, tuman hokimlarining tegishli o‘rinbosarlari, bosh yuristkonsultlari  va boshqa mas’ullar ishtirok etdi.

Viloyat iqtisodiy sudi raisi M.Bozorov bugungi kunda xususiy mulk va ijara shartnomasi, doimiy yo vaqtincha, foydalanish uchun berilgan yer maydonlarini hokimlik zaxirasiga olish bo‘yicha da’vo arizalarini sudga kiritish, bunday nizolarni ko‘rib chiqishda uchrayotgan kamchiliklar xususida so‘z yuritdi.

Shuningdek, viloyat ma’muriy sudi raisi B.Diyorov ma’muriy tartibda ko‘riladigan ishlarga to‘xtaldi.

- Bugun barcha jabhalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, - deydi viloyat hokimligi bosh yuristkonsulti B.Qarshiyev. – Tabiiyki, bu jarayonda turli nizoli masalalar, sud tartibida ko‘riladigan holatlar vujudga keladi. Bunda agar hokimlikning harakati yoki harakatsizligi xato bo‘lsa, muayyan shaxs, biror mutasaddi emas butun boshqaruv tizimidan norozilikka sabab bo‘ladi. Shu bois, bugungi seminarda aholining, ayniqsa, tadbirkorlar, fermerlarning qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlarini buzmasdan davlat va jamiyat manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida ma’lumot almashildi.

Seminarda yer ijara shartnomalarini bekor qilish, foydalanilmayotgan yerlarni tuman hokimliklari zaxirasiga qaytarish, noqonuniy qurilgan binolarni buzdirish, shartnomalarni muddatidan oldin bekor qilish borasidagi ishlar muhokama qilinib, ushbu yo‘nalishda uchrayotgan ayrim kamchiliklar qayd etildi.

Ish yuritishni qonuniy, sifatli amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashindi.

O‘z muxbirimiz.