Hokimlik soati: Murojaatlarga o‘z muddatida javob bermagan rahbarlarga intizomiy chora ko‘rish bo‘yicha takliflar bildirildi

Dastlab viloyatda Yangi yil bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq masala muhokama etildi. Barcha tuman va shahar hokimliklari, korxona va tashkilotlar rahbarlariga O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining bayonotida belgilangan talablarga qat’iy rioya qilish, uning ijrosini ta’minlash zarurligi uqtirildi. Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda tibbiy niqoblardan foydalanish, karantin qoidalariga amal qilish yuzasidan targ‘ibot tadbirlariga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

Hududlarni bayram ruhiga mos bezatish, Yangi yil archalari o‘rnatish ishlari Qo‘shrabot va Samarqand tumanlari hokimliklari, viloyat madaniyat, jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari, viloyat bozorlar uyushmasi tomonidan yaxshi tashkil etilmayotganligi tanqid qilindi. Tuman va shaharlar hokimlari, sektor va mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga mehribonlik uylari, SOS bolalar mahallasida tarbiyalanuvchilar uchun “Prezident archasi” tadbirini ko‘tarinki ruhda tashkil etish va o‘tkazish, chin yetimlarning yashash manzillariga borib, ularning  holidan xabar olish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Tuman va shaharlar, korxona va tashkilotlarda bayramga tayyorgarlik ko‘rish, bezatish ishlari viloyat hokimligi hamda tegishli mutasaddilar tomonidan muntazam o‘rganilishi va monitoring qilib borilishi qayd etildi.

Muhokama jarayonida viloyat hokimi bozorlarda arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalarini tashkil etish, narx-navo barqarorligi va iste’mol tovarlari barchasi mavjudligini ta’minlash zarurligini bildirdi.

- Bozordagi narx barqarorligini urishib, so‘kib ta’minlab bo‘lmaydi – dedi E.Turdimov. – Talabga qarab taklifni ko‘paytirish, bozorga qo‘shimcha, ko‘proq mahsulot kiritish kerak. Har bir hokim, rahbar o‘zi bozorga borishi, narx-navoni kuzatishi lozim. Unutmaylik, bozorlar odamlar kayfiyatini belgilaydi.

Kun tartibidagi ikkinchi masala – viloyat ishchi guruhi tomonidan tasdiqlangan reja asosida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasida ijro intizomining ahvoli o‘rganish natijalari ham muhokama etildi. Boshqarmada ish yuritish, ijro nazoratini tashkil etish, fuqaro va tashkilotlardan kelib tushgan murojaatlarga o‘z muddatida javob berish borasida qator muammolar mavjudligi aniq misollarda ko‘rsatib berildi.

Jiddiy xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ul rahbarlarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rish bo‘yicha takliflar bildirildi. 

Muhokama yakunida kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosini qisqa fursatlarda bajarish, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarning bartaraf etilganligini o‘rganib borish uchun mas’ullar belgilandi hamda joriy yilning 28 dekabr kuni ijro holati tor doirada muhokama etilishi belgilandi.