Hokimlik va tashkilot bog‘lari bo‘lishi shart

Yo‘q, bu davlat rahbari o‘tkazgan yig‘ilish xulosasi emas. Bu haqda xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyada so‘z yuritildi. Aniqrog‘i, viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi taqdim qilgan hisobotdan so‘ng shunday xulosaga kelindi.

Deputatlar qabul qilgan qarorda mutasaddilarga «Hokimlik va tashkilot bog‘lari» to‘liq tashkil qilinmaganligi ko‘rsatib o‘tilib, kelgusi vazifalar belgilab berildi.

Raqamlar salmoqli, samara-chi?

Sessiyada berilgan hisobotga ko‘ra, o‘tgan yili bahorda 10 million 364 ming tup, kuz faslida 7 million 323 ming tup mevali va manzarali, buta ko‘chatlari ekilgan.

Ko‘rinadiki, «Yashil makon» umummilliy loyihasi bo‘yicha belgilangan reja (16,3 million) viloyatda 103 foizga bajarilgan. Deputatlar bu hisobotdan to‘la qoniqish hosil qilmagan bo‘lsa-da, galdagi muhim vazifalarga e’tiborli bo‘lishni qarorda belgilab qo‘yishdi.

Xususan, shahar va tuman hokimliklariga «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida joriy yil bahor va kuz mavsumida ekilishi lozim bo‘lgan ko‘chat turlari va rejasi bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqish topshirildi. O‘z navbatida bu dastur bo‘yicha rejaning bajarilishini, sohalar tomonidan ko‘chat ekish rejasiga qo‘shib yozish holatlariga yo‘l qo‘yilmasligini qat’iy nazoratga olish ko‘zda tutildi.

Darvoqe, raqamlar salmog‘i haqida – hisobotga ko‘ra, Oqdaryo tumanida viloyat prokuraturasi tomonidan 20 gektar yer maydonida «yashil bog‘» barpo etilib, tomchilatib sug‘orish tizimi yaratilgan.

Jo‘jani kuzda sanaymiz

Mayli, yer qay tartibda ajratilgani va boshqa masalalar o‘z yo‘liga. Ammo Oqdaryo tumanining nomi aytilmagan mahallasidagi bu bog‘ ayni vaqtda kimning nomida bo‘lsa?

Qiziq tarafi «Yashil hudud» DUK tomonidan qonun nazoratchilaridan biroz ko‘proq 28,4 gektar maydonda «Yashil bog‘»lar barpo etgan. Kamiga ular yaratgan bog‘lar viloyatning 7 ta hududi - Samarqand shahar, Urgut, Nurobod, Samarqand, Payariq, Narpay va Jomboy tumanlarida joylashgan.

Hisobotda keltirilishicha, shahar va tumanlar tashkil qilgan bog‘lar jilla qursa, o‘rtacha bir gektardan to‘g‘ri kelmaydi: jami 15,6 gektar maydonda hokimlik bog‘lari yaratilgan.

Yaqin kunlarda mustaqil bo‘lishi rejalashtirilayotgan Kengashdan bu masalada dadillik kuzatilmagani hayratlanarli. Axir davlat rahbari emasmi, 34 ta bog‘ bo‘lishini belgilab bergan? Nahot bu ishni oxiriga yetkazib qo‘yishni so‘rash shu qadar qiyin bo‘lsa. Axir kelayotgan kuzda bu masala bo‘yicha belgilangan muddat tugaydi-ku!

Aslida, garchi berilmagan bo‘lsa-da, aniqlashtirilishi kerak bo‘lgan savollar bisyor.

Yaxshi gumonda bo‘laveramiz...

Hisobotga tayanilsa, 2023 yilda o‘rmonzor va butazorlar maydoni 2703,5 gektarga kengaytirilgan.

O‘tgan yili viloyat hududidan yig‘ib olingan 735,9 ming tonna chiqindining 264,9 ming tonnasi 24 ta korxonada qayta ishlangani ham yaxshi umid beradi. Zotan, bu borada 2020 yilda 22,1 foiz maishiy chiqindi qayta ishlangani holda o‘tgan yilgi ko‘rsatkich 36 foizni tashkil etgan.

Bundan tashqari, qattiq maishiy chiqindilarni «Nol chiqindi» tamoyili doirasida to‘liq utilizatsiya qilish tizimi bosqichma-bosqich tatbiq etiladi. Shu maqsadda yiliga 110 ming tonna chiqindini yoqish evaziga 1440 mVt soat issiqlik energiyasi va 500 mVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

Loyihani amalga oshirish bo‘yicha Janubiy Koreyaning “Grace High Tech Co.Ltd” kompaniyasining “Grace High Tech Samarkand” qo‘shma korxonasi mas’uliyati cheklangan jamiyati ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Bugungi kunda texnik-iqtisodiy loyiha ishlab chiqilmoqda.

Garchi aksar hollarda «bizda hammasi yaxshi», deyilayotgan bo‘lishiga qaramay, o‘tgan yili 20 ta yirik sanoat korxonasida chang-gazlarni ushlab qoluvchi 82 dona filtr o‘rnatilgan. Natijada atmosferaga 95,5 tonna tashlama tashlanishining oldi olingan. Bu yil 10 ta korxonada o‘rnatiladigan 28 filtr taxminan 120 tonnadan ortiq (bulturgidan ko‘p) tashlamalar bilan havo ifloslanishining oldini oladi.

....Ommatan maqola xulosa bilan yakunlanadi. Biz bu vazifani zukko o‘quvchining o‘ziga qoldiramiz.

Yoqubjon Marqayev.