Hokimlikka nomzodlar xorijda malaka oshiradi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filialining 2025 yil birinchi yarim yilligi davomidagi faoliyat natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha agentlikning viloyat filiali rahbari o‘rinbosari Foziljon Axatov axborot berdi.
Ta’kidlanishicha, 2025 yilning 1-yarmida agentlikning asosiy vazifasi — davlat xizmatiga eng munosiblarni tanlab olish yo‘nalishida viloyat bo‘yicha tashkilotlar hamda mahalliy hokimliklarning vakant lavozimlari uchun 1711 marta tanlovlar tashkil etilib, mazkur vakant lavozimlarga 72 611 nafar nomzodlar hujjat topshirgan. Hisobot davrida 757 nafar fuqaro davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingan.
Munosib kadrlar zaxirasini shakllantirish yo‘nalishida zaxira.argos.uz hamda kadrlar.argos.uz platformalari ishga tushirilgan.
Samarqand viloyatida 8 nafar viloyat hokimi o‘rinbosarlariga, 16 nafar tuman (shahar) hokimlari lavozimlari uchun 84 nafar nomzodlar “Milliy kadrlar zaxirasi”ga kiritilgan. Bunda, 29 nafari viloyat hokimi o‘rinbosari hamda 55 nafari tuman (shahar) hokimi lavozimlari uchun zaxiraga olingan.
Inson resurslari va kadrlar salohiyatini rivojlantirish yo‘nalishida filial tomonidan 2025 yil 1-yarim yillikda turli sohalarga oid jami 27 ta o‘quv kursi tashkil etilgan. Ularda 1829 nafar xodim ishtirok etgan bo‘lsa, shundan 356 nafarini ayollar tashkil qiladi.
Davlat boshqaruvining turli sohalarida faoliyat yuritayotgan 6 nafar faol xotin-qizlar uchun Davlat boshqaruvi akademiyasida “Rahbar ayollar maktabi” maxsus o‘quv kursi tashkil etilgan.
Yangi tayinlangan 3 nafar tuman (shahar) hokimlarining lavozimga kirishish (adaptatsiya) jarayonini tezlashtirish maqsadida Jomboy, Nurobod va Paxtachi tumanlarida ekspress-treninglar tashkil etilib, ularda jami 164 nafar davlat fuqarolik xizmatchilari ishtirok etdi.
Kadrlar zaxirasiga kiritilgan 4 nafar davlat xizmatchilari “Hokimlikka tayyorlash maktabi”, 1 nafar “Rahbar ayollar maktabi” kabi maxsus va boshqa qo‘shma ta’lim dasturlari doirasida Turkiya, Germaniya, Vengriya va Xitoy kabi davlatlarda xorijiy stajirovkalarda bo‘lishdi.
Masofaviy ta’lim platformasi (edu.argos.uz) orqali 9615 nafar davlat fuqarolik xizmatchilari malaka oshirib, sertifikatlarga ega bo‘ldi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Samarqand viloyati filiali tomonidan 2025 yil 1-yarim yilligi davomida davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi bo‘yicha aniqlangan qonunbuzilishlarini bartaraf etish, shuningdek, o‘tkazilgan tanlovlarni tashkil etilishi yuzasidan o‘tkazilgan 16 ta monitoring va 3 ta (Qurilish, Innovatsiya, "Davaktiv") kompleks o‘rganish bo‘yicha 10 ta taqdimnoma, 2 ta ogohlantirish xati, 9 ta tashkilotga ma’muriy taklif chiqarildi. Tanlovsiz ishga olingan viloyat madaniyat boshqarmasi tizimidagi 3 nafar xodim ishdan bo‘shatilib, nomzodlarning tanlovga qatnashish huquqi tiklandi. HRMda ishlamagan 9 nafar rahbar 26 mln. 250 ming so‘m ma’muriy jarimaga tortildi.
Anjuman davomida ommaviy axborot vositalari vakillari agentlik faoliyati bilan bog‘liq muammo va kamchiliklar, tizimni takomillashtirish borasidagi savol hamda takliflarini bildirib, mas’ullar bilan fikr almashishdi.