Hokimliklar qarorlari elektron tizim orqali qabul qilinadi. Uning ahamiyati va mohiyati nimada?

Joriy yil 1 iyuldan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning Ye-qaror yagona elektron tizimi ishga tushirildi.

Mazkur tizim hokimliklarning qarorlarini ishlab chiqish, qabul qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish, ularga takrorlanmaydigan maxsus raqam berish va avtomatik tarzda e’lon qilish jarayonini boshqarish va nazorat qilishga mo‘ljallangan. Tizimning afzalligi shundaki, u manfaatdor idoralar tomonidan loyihalarga elektron ko‘rinishda viza qo‘yish hamda ko‘rib chiqish va kelishish bo‘yicha idoralararo elektron hamkorlikni ta’minlaydi. Shuningdek, loyihalarni ishlab chiqish jarayonini monitoring qilishda afzalliklarga ega.

Yangi onlayn dasturda chiqarilayotgan qarorlarni keng jamoatchilik to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borishi mumkin.

“E-qaror” elektron tizimini respublikamizning barcha mahalliy davlat hokimiyati organlarida joriy etilishi ularning faoliyati va ish yurituvi shaffoflashishiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari poymol bo‘lishining oldini olishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, tizim tadbirkorlik sub’yektlari uchun asossiz xarajatlarni keltirib chiqaruvchi ortiqcha ma’muriy hamda boshqa cheklovlarni joriy etadigan normalar o‘rnatilishining oldini olishga qaratilgan.

Ma’lumot uchun aytish mumkinki, o‘tgan 5 kun davomida “E-qaror” elektron tizimi orqali 3 ta viloyat hokimi qarori, 1 ta farmoyish chiqdi. Shuningdek, xalq deputatlari viloyat Kengashining 5 ta qarori yangi tizimga joylashtirilib, qabul qilindi.

Umuman, noqonuniy hujjatlar qabul qilinishining oldini olish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan yangi tizim, hokimliklar faoliyati ochiq va oshkoraligini ta’minlash bilan birga boshqaruv sohasida zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishi bilan ham muhim ahamiyatga ega.

Baxodir Qarshiyev,

viloyat hokimligi yuridik xizmat bosh yuriskonsulti.