Hokimliklar zaxirasidagi 60 ming gektar yer maydoni yoshlarga ijaraga beriladi
Bu Prezidentning shu yil 5 aprelda qabul qilgan “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida belgilandi.
Qarorga ko‘ra, tuman hokimliklari zaxirasidagi 60 ming gektar yer maydoni elektron onlayn auksion savdolariga qo‘yilib, dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun yoshlarga ijaraga beriladi hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan sotishgacha bo‘lgan zanjirni qamrab oluvchi quyidagi yangi tizim joriy etiladi:
- 60 ming gektar yer maydonini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali “mahalla yettiligi”ning tavsiyasi bilan shakllantiriladigan ro‘yxatga kiritilgan yoshlar (talabgorlar) o‘rtasida o‘tkaziladi.
Bunda:
- yer maydonlarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari g‘oliblariga yer uchastkasi narxini 10 yil muddatga teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi;
- zakalat puli BHMning 1 baravari (340 ming so‘m) miqdorida belgilanadi.