Hozir: «Biz tamaki chekishga qarshimiz» shiori ostida sport marafoni bo‘lib o‘tmoqda
Samarqand shahridagi Farhod shaharchasida 31 may — Xalqaro kashandalikka qarshi kurash kuni munosabati bilan shu shior ostida sport marafoni o‘tkazilmoqda.
Samarqand shahridagi 84112-harbiy qism tashabbusi bilan «Sog‘lom avlod uchun» xayriya jamg‘armasi viloyat bo‘limi, Samarqand shahar xotin-qizlar qo‘mitasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbir aholi, ayniqsa, yoshlarni turli yot g‘oyalar, giyohvandlik, ichkilikbozlik va tamaki chekish kabi illatlardan asrash, ularning sport bilan shug‘ullanishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratildi.
Marafonda harbiy qism zobit va askarlari, shaharchadagi korxona-tashkilot va muassasalar xodimlari, shu yerda yashovchi aholi va yoshlar qatnashdi. Ular 1,5 kilometrga yurish, gimnastika mashg‘ulotlari, stol tennisi, yugurish, futbol kabi sport o‘yinlari bilan mashg‘ul bo‘lishdi.
— Tamaki va alkogol mahsulotlari inson salomatligiga zarar, uni iste’mol qilish ayanchli oqibatlarga olib keladi, — deydi 84112-harbiy qism komandiri Kamoliddin Toshpo‘latov. — Maqsadimiz o‘tkazilayotgan ushbu tadbir orqali yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish.
Akram Bo‘riyev.