Hujjatlarda xato yozilgan ism-familiyani qanday to‘g‘rilash mumkin?
Tahririyatimizga Nurobod tumanidan murojaat tushdi. Unda aytilishicha, fuqaroning pasportiga ism-familiyasi Turaqulov Jurabek deb imlo xatolari bilan yozilgan. Bu xato farzandlarining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarda ham qayd etilgan. Fuqaro farzandlarining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarida ism-familiyasini o‘zbek tili imlo qoidalari asosida to‘g‘ri yozishni talab qilgan.
FHDYo xodimlari fuqaroga buning uchun avval o‘z pasportidagi yozuvlarni va unga tegishli barcha hujjatlardagi yozuvlarni o‘zgartirish kerakligini aytishgan. Murojaatchi bitta pasportimdagi imlo xatoni tuzatsam, boshqa hujjatlarimni ham tuzatamanmi, degan savol bilan murojaat qilgan.
Haqiqatan ham pasportda ism-familiya noto‘g‘ri yozilgan bo‘lsa, uni tuzatgan fuqaro boshqa hujjatlaridagi imlo xatolarni ham tuzatadimi? Buning uchun qayerga murojaat qilishi kerak?
Savollarimizga Samarqand shahar 1-FHDYo bo‘limi mudirasi Inobat Boboqulova quyidagicha javob berdi.
Ishni nimadan boshlash kerak?
Dalolatnoma yozuviga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritish FHDYo organi tomonidan fuqaroning arizasi asosida amalga oshiriladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 20 oktyabrdagi 550-sonli qarori, ya’ni “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari to‘g‘risida"gi nizomda belgilangan.
Fuqaro pasportidagi imloviy xatoni tuzatish uchun dastlab tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini o‘zgartirishi zarur. Buning uchun fuqaro istalgan FHDYo organiga ariza bilan murojaat qilishga haqli. Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaga tegishli tartibda o‘zgartirish kiritilgandan so‘ng FHDYo organi bu haqda fuqaroga ma’lumotnoma beradi. Shundan so‘ng fuqaro ichki ishlar bo‘limiga pasportini o‘zgartirish masalasida murojaat etishi lozim. Pasportini tegishli tartibda o‘zgartirganidan so‘ng fuqaro o‘ziga tegishli bo‘lgan nikoh guvohnomasi, voyaga yetmagan farzandlarining tug‘ilganlik guvohnomalari, hatto unga tegishli mol-mulkka egalik huquqini beruvchi hujjatlarini ham o‘zgartirishi zarur.
Buning uchun qancha vaqt ketadi?
Dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritish uchun fuqaroning FHDYo organiga kiritgan arizasi murojaat kunidan boshlab 10 kun mobaynida ko‘rib chiqiladi. Uzrli sabablar bo‘lganda muddat bir oygacha uzaytirilishi mumkin.
Tuzatish uchun qancha pul sarflanadi?
Dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritish uchun 49500 so‘m gerb yig‘imi, 33000 so‘m davlat boji, 16500 so‘m xizmat uchun, jami 99000 so‘m to‘lov qilinadi. Tezlashtirilgan tartibda dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritilgan taqdirda, ya’ni 3 ish kunida amalga oshirilsa, 66 ming so‘m pullik xizmat haqi to‘lanadi.
Agar dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritish FHDYo organi xodimining xatosi sabab yuzaga kelgan bo‘lsa, bunday holatda fuqarodan pul undirilmaydi.
Xurshida Ernazarova.
***
Ushbu maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.