Hukmdor qanday qilib o‘z fuqarolarini sinadi?

Bir kuni podsho uch nafar eng yaqin xizmatchisini chaqirib, ularning har biriga bo‘sh xaltalarni berdi. Keyin ularga saroy atrofida aylanib, xaltalarni meva bilan to‘ldirishni buyurdi. Bu xizmatchilarning samimiyligini tekshirish uchun qilingandi.

Xizmatchilaridan birinchisi podshoning buyrug‘iga jiddiy yondashdi va topa olgan eng yaxshi mevalarni yig‘ish va xaltasini to‘ldirish uchun astoydil harakat qildi. 

Ikkinchi xizmatchi shohning buyrug‘iga sovuqqonlik bilan qaradi: xaltasini yaxshi va chirigan mevalar aralashmasi bilan to‘ldirdi.

Uchinchi xizmatchi boshqa ikki xizmatchiga qaraganda qarama-qarshi ish tutdi. U xaltasini faqat barglar bilan to‘ldirdi. Uning maqsadi vazifani bajargandek qilib ko‘rsatib, shohni aldash edi.

Uch xizmatchi xaltalarini ko‘tarib saroyga qaytib keldi. Shoh ular nima yiqqanini so‘ramasdan, har birini bir oyga alohida qamoqxonaga yuborishni buyurdi. Va shu vaqt davomida ular o‘zlari xaltaga to‘plagan mevalarni iste’mol qilishi kerakligi tayinladi.

Birinchi xizmatchi xursand edi, chunki unda xaltasi to‘la yaxshi mevalar bor edi. Tashvishlanmasdan u qamoqxonaga yo‘l oldi.

Ikkinchi xizmatchi xavotirga tushdi, uning ovqatining yarmi chirik edi va berilgan muddat davomida yetmay qolish ehtimoli bor edi.

Uchinchi xizmatchi umuman ovqat yo‘qligi sabab qo‘rqib ketdi. U shohning buyruqlarini bajarishda beparvolik va dangasalik bilan qaradi.

Qissadan hissa: har birimiz ushbu xizmatchilarning biriga o‘xshaymiz. Barchamizga kelajak hayot uchun yaxshi ishlar bilan to‘ldirishimiz kerak bo‘lgan kitob berilgan. Ba’zilarimiz samimiylik qilib, bisotimizga qilgan xayrli ishlarimizni yig‘amiz, boshqalarimiz esa yaxshilik va yomonlik amallarini aralashtirib yuboradigan qolgan ikki xizmatchi singari yashaymiz. Yana birov o‘z vazifalarini butunlay e’tiborsiz qoldiradi va hayotini behuda sarflaydi...

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.