Hunarli ishsiz qolmaydi. koreya o‘quv markazining 238 nafar bitiruvchisi diplomli bo‘ldi

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, viloyat bandlik va mehnat munosabatlari bosh boshqarmasi vakillari, Koreya ta’lim va texnologiyalar universiteti professor-o‘qituvchilari hamda o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
– Joriy yil iyun oyida mazkur markaz bitiruvchilarining 211 nafariga diplom topshirilgan edi, – deydi KOICAning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Song Seung Il. – Ularning aksariyati bugun egallagan kasblari bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan shartnoma asosida ishga joylashdi. Ular orasida o‘z biznesini yo‘lga qo‘yganlari ham bor. O‘ylaymanki, bu galgi bitiruvchilar ham o‘zlashtirgan kasbiy ko‘nikmalarini amalda qo‘llaydi. 
Ishtirokchilarga bitiruvchilarning avtomobillarga xizmat ko‘rsatish, elektronika va asbobsozlik, payvandlash va chilangarlik, axborot texnologiyalari mutaxassisligiga oid hamda o‘zbek va koreys madaniyati aks ettirilgan tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmalari namoyish etildi.
– Biror hunarim yo‘qligidan qiynalardim, - deydi jizzaxlik Dildora Norqulova. – Samarqandda kasb-hunarga o‘qitish markazida o‘qib, kompyuter injeneringi kasbini egalladim. Endi ish faoliyatimni Baxmal tumanidagi “Yashnabod ko‘rki” MChJda boshlash arafasidaman. 
 

Abdujabbor PO‘LATOV,
Baxtiyor Mustanov (foto).