Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Huquqiy aktlar umumiy qoidani emas, amrni ifodalaydi

Prezidentimizning 2023 yil 11 sentyabrdagi “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinishi islohotlarni yanada chuqurlashtirishda katta ahamiyat kasb etadi. Mazkur hujjat Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonida orttirilgan tajriba va jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda muhim g‘oyalar aks ettirilgan.

Yangi O‘zbekistonni barpo etishda adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlash maqsadida huquqiy asoslar takomillashtirilmoqda. Bunda huquqiy normalar va huquqning o‘rni muhim. Huquq davlat tomonidan yaratiladigan va qo‘riqlanadigan normalar yig‘indisidir. Huquqning yaratilishida esa huquqiy normalar muhim ahamiyat kasb etadi.

Huquqiy normalar normativ-huquqiy hujjatlar majmuini tashkil etadi. Huquqiy norma normativ-huquqiy hujjatlarda qo‘llanadigan, umummajburiy bo‘lgan kategoriya hisoblanadi. Huquqiy normaning xususiyati uning yuridik kuchi mavjudligida ko‘rinadi.

Xorijlik olimlarning ta’kidlashicha, huquqiy norma va huquq normasi bir xil tushuncha hisoblanadi.

Huquqiy normalar o‘zining konkret mazmuni, qoidalarining xarakteri, amal qilish sohalari, ifodalanish shakli, tartibga solish predmeti va metodlari, sanksiyalari va boshqa jihatlari bilan farqlanadi. Shu sababli ular alohida tarmoqlar, institutlarga ajratiladi. Ularni bunday ajratishga ushbu xususiyatlar va eng avvalo, ijtimoiy munosabatlarning turli-tumanligi, o‘ziga xosligi asos bo‘ladi.

Xorijiy tajribaga tayanilsa, normativ-huquqiy hujjatni maxsus vakolatli davlat organi yoki mansabdor shaxs tomonidan ijtimoiy hayotning muhim masalalari bo‘yicha amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda va berilgan vakolatlar doirasida qabul qilinadigan hamda o‘zida umummajburiy qoidalarni ifodalaydigan xatti-harakat (yoki harakatsizlik) qoidalari yig‘indisi sifatida tavsiflash mumkin.

Normativ-huquqiy hujjatlar asosida vakolatli davlat organi yoki mansabdor shaxsning konkret holatga tegishli huquq normasini amalda qo‘llash bo‘yicha alohida huquq sub’yektlariga qaratilgan va o‘zida individual davlat hokimiy amrni ifodalagan rasmiy hujjat sifatida texnik jihatdan tartibga solish sohasidani normativ hujjat (huquqiy akt) qabul qilinadi.

Huquqiy aktlar yuridik aktlar ichida eng keng tarqalganidir. Huquqiy aktlar huquqiy tabiatiga ko‘ra normativ huquqiy hujjatlardan quyidagi jihatlari bilan farqlanadi:

- normativ-huquqiy hujjat huquqning asosiy manbalaridan hisoblansa, huquqiy akt huquq manbasi hisoblanmaydi, yangi umumiy qoida yaratmaydi, u huquqiy munosabatlarning vujudga kelishi, o‘zgarishi va bekor qilinishi uchun yuridik fakt-asos bo‘lib xizmat qiladi;

- huquqiy aktlar normativ-huquqiy hujjatlar asosida qabul qilinadi;

- huquqiy aktlar huquq normalarini har bir muayyan holatga nisbatan aniqlashtiradi;

- huquqiy aktlar o‘zida umumiy qoida emas, balki individual aniq bir qoida, amrni ifodalaydi;

- huquqiy aktlar ijro etilishiga ko‘ra ham farq qiladi;

- normativ-huquqiy hujjat (qonun, farmon, hukumat qarori va boshqa)larning harakat vaqti muddati, mabodo uning o‘zida aniq ko‘rsatilmagan bo‘lsa, nomuayyan muddatda amal qiladi, masalan, qonunning vaqt davomidagi harakati uning o‘rniga aynan shu munosabatlarni tartibga soladigan yangi qonun qabul qilingunga qadar davom etishi mumkin.

Mamlakatimiz qonunchilik hujjatiga ko‘ra normativ-huquqiy hujjat qonunchilikka muvofiq qabul qilingan, umummajburiy davlat ko‘rsatmalari sifatida huquqiy normalarni belgilashga, o‘zgartirishga yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjatdir.

Huquqiy norma qonunchilik hujjatlari darajasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga soladi, qonunosti hujjatlarida qonun hujjatlari darajasida tartibga solinishi lozim bo‘lgan masalalar bo‘yicha normalar belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shunga ko‘ra, huquq normalarini o‘zida aks ettirgan normativ-huquqiy hujjatlar bilan nizomlar, qoidalar, yo‘riqnomalar, reglamentlar, strategiyalar, konsepsiyalar, doktrinalar, dasturlar va boshqa hujjatlar tasdiqlanishi mumkin.

Reglament, nizom, qoida, yo‘riqnoma va boshqa shunga o‘xshagan hujjatlar u yoki bu munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan, barcha uchun majburiy xarakterga ega qoidalardan tashkil topgan, yuridik oqibat keltirib chiqarsada, lekin bunday huquqiy aktlardagi qoidalar huquq normasi darajasida yuridik kuchga ega bo‘lmaydi.

Shaharsozlik norma qoidalari (ShNQ), Qurilish me’yoriy qoidalari (QMK), sohaviy mansubligiga binoan idoralar (vazirlik, konsern assotsiatsiya va hakazolar) tomonlaridan tasdiqlanadigan va ushbu idoralar tarkibiga kiruvchi korxona, tashkilotlarda qo‘llash mo‘ljallanadigan idoraviy qurilish normalari (IKN) va boshqa toifadagi normativ hujjatlar ma’lum sohalardagi munosabatlarni texnik jihatdan qat’iy tartibga solsa-da, lekin ularda huquqiy normalar belgilanmagan. Mazkur hujjatlarda belgilangan talablarga rioya qilinmagan yoki qoidalar buzilganda aybdorlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi. Bu holatda huquqiy normaga tayaniladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib quyidagicha xulosa qilish mumkin.

Huquqiy norma va huquq normasi bir xil tushunchalardir. Huquqiy norma - bu davlat tomonidan tan olingan va ta’minlangan, ijtimoiy munosabatlar ishtirokchilarining huquqlari, burchlari va majburiyatlarini belgilaydigan, ularning harakatlarini namuna, standart, xulq-atvor ko‘lami sifatida tartibga solishga qaratilgan umumiy majburiy qoidasi.

Huquqiy norma - umummajburiy bo‘lgan, o‘rnatilgan yoki ruxsat etilgan va davlat tomonidan qo‘riqlanadigan, odamlarning irodasi va manfaatlarini ifodalovchi, jamiyatning moddiy sharoitlari bilan shartlangan, ularni tartibga solish uchun ijtimoiy munosabatlarga faol ta’sir ko‘rsatadigan xulq-atvor qoidasi.

Huquqiy norma - huquqning barcha normalari jamlangan holda ob’yektiv huquqni tashkil etadi va faqat ma’lum bir ijtimoiy munosabatlar doirasini tartibga soladi, soha ichida normalar institutlar va subinstitutlar bo‘yicha guruhlangan. Normaning rasman belgilanishi normaning rasmiy hujjatda o‘rnatilishini nazarda tutadi.

Huquqiy norma (huquq normasi)ning nazariy asosi,  ilmiy ustqurtmasi, iyerarxik ta’siri, genezisi, uning yaratilishi,  maqsadi va qo‘llanishi, tartibga solish doirasiga ko‘ra  texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat (huquqiy akt)larga huquqiy normalarni kiritishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Gulnora XUDOYBERDIYeVA,

O‘zbekiston Respublikasi huquqni

muhofaza qilish akademiyasi dotsenti,

yuridik fanlar nomzodi.